Afg‘onistonning Qunduz shahrida shia mazhabiga mansub aholi masjidi portlatildi, deya xabar bermoqda Associated Press.

Qunduz politsiyasi rahbarining o‘rinbosari Do‘st Muhammad Obaidaning aytishicha, masjidga xudkush terrorchi tomonidan olib kirilgan bomba juma namozi vaqtida portlatilgan bo‘lishi mumkin. «Tolibon» harakati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, kamida 100 kishi portlash natijasida halok bo‘lgan.

«Men shia birodarlarimizni ishontirishim mumkinki, Tolibon ularning xavfsizligini ta’minlashga tayyor», dedi Obaida. Holat bo‘yicha tergov ishlari boshlangan.

Hozircha ushbu portlashni hech qaysi terrorchi guruh o‘z bo‘yniga olgani yo‘q. Associated Press ilgari toliblarga qarshi uyushtirilgan teraktlar «Islom davlati» tomonidan amalga oshirilganligini qayd etdi.

Hozircha Qunduzdagi portlashda halok bo‘lganlar soni boshqa manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q. Agar bu raqamlar tasdiqlansa, bu avgust oyida «Tolibon» hukumat tepasiga kelganidan keyin amalga oshirilgan eng katta terakt bo‘ladi.