8 oktabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) Feruza Eshmatova jurnalistlar bilan muloqot davomida O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova atrofidagi gap-so‘zlarga ham izoh berdi, deb xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 200 dan ortiq jazoni ijro etish muassasalari mavjud va ombudsman ularga reja asosida tashrif buyuradi.

«Ayollar koloniyasiga (Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli umumiy tartibdagi ayollar koloniyasi, u yerda hozir Gulnora Karimova saqlanmoqda — tahr.) o‘zim ham bir necha marotaba borganman, shu jumladan monitoring tashrifi bilan ham. (Gulnara Karimova bilan — tah.) suhbat bo‘lgan», — dedi u.

Mahkumaning qizi Iman Karimova iyul oyida u va advokatlar Gulnora Karimova bilan ko‘risha olmayotganini xabar qilgandi. «Men uni ko‘rishga harakat qilish uchun O‘zbekistonga qaytib keldim, biroq hukumat uni tashqi dunyo bilan aloqa qilmasdan ushlab turish uchun sabablarni o‘ylab topmoqda. Hatto advokatlar, telefon qo‘ng‘iroqlari, xatlar va boshqalar kirishini taqiqlashmoqda», — deb Instagramda yozgan edi.

Feruza Eshmatova tomonlar koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin cheklovlari tufayli ular uchrasha olmaganini tahmin qildi. «Hozir shaxsan ularning o‘zlaridan bizga bunaqa murojaat kelib tushgani yo‘q», — dedi u.

Ombudsmanning qo‘shimcha qilishicha, hozirda «Respublika maxsus komissiya tomonidan pandemiya sal yumshatilgani munosabati bilan hozir yana qisqa muddatli uchrashuvlar tiklangan».

Mahkumaning himoyachisi Fanni Margayraz Le Temps gazetasiga 7 va 8 sentabr kunlari 2019 yilning iyun oyidan beri qamoqxonada mijozi bilan uchrasha olmaganini ma’lum qilgandi. «Bu safar biz u bilan o‘zbekistonlik advokat va tarjimon huzurida ko‘rishishga muvaffaq bo‘ldik. Uning qo‘llarida bir qancha ko‘karishlar bor edi», — deya ta’kidladi u.

Feruza Eshmatova Gulnora Karimova saqlanayotgan koloniyada qaytadan monitoring o‘tkazilishini ma’lum qildi.

«Biz hali ham monitoring o‘tkazamiz, chunki, biz u yerga borib kelgandik. Men u bilan ko‘rishgandim. Men u bilan ko‘rishganimda hammasi yaxshi edi. Bizda yana [monitoring] bo‘ladi, chunki monitoringdan keyin yana qaytadan tekshiramiz», — dedi u.

Uning ahvoli yaxshimi degan savolga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili qisqa qilib, «ha», deb javob berdi.

Gulnora Karimova 2019 yilning bahoridan beri 21-sonli koloniyada jazosini o‘tamoqda. 2020 yilning mart oyida Oliy sud u 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinganini xabar bergandi.