IIV Telegram`dagi tovlamachilar haqida ogohlantirdi

O‘zbekistonda Telegram guruhlari va kanallari orqali fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plab, ulardan pul undirish maqsadida foydalanish holatlari kuzatilmoqda. IIV ma’lumotiga ko‘ra, ularning yurituvchilari xorijdan turib faoliyat olib bormoqda va hozircha ushbu kanallarni bloklashning iloji yo‘q. Vazirlik fuqarolardan shaxsiy ma’lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda qo‘ymaslikni va begona guruhlarda tarqatmaslikni so‘radi.

Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegaradagi bojxona postini modernizatsiya qildi

Qozog‘istonda O‘zbekiston bilan chegarada “Bauirjan Konisbayev” (O‘zbekiston tomonidan “Yallama” bilan tutash) bojxona posti modernizatsiya qilindi. Hozircha bu yerdan faqat yuk mashinalari o‘tmoqda.

Abdulaziz Kamilov Fransiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Aurelia Bushezni qabul qildi

Aurelia Bushez Fransiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi bo‘ldi. U ilgari Fransiyaning Ozarbayjon elchisi va Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi delegatsiyasi rahbari sifatida ishlagan.

“Afg‘oniston nafaqat xavf-xatar va tahdidlar, balki yangi imkoniyatlar manbasi hamdir” — Abdulaziz Kamilov

O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida Afg‘onistondagi vaziyat mintaqadagi keskinlik omili bo‘lib qolayotganligini ta’kidladi. U bunga mamlakat hududida ayrim terrorchilik guruhlari borligini misol qilib ko‘rsatdi. “Shunday bo‘lsada, Afg‘onistonning nafaqat xavf-xatar va tahdidlar, balki mintaqaviy konstruktiv va yaratuvchan loyihalarga asos bo‘ladigan yangi imkoniyatlar manbasi ekanini nazarda tutish lozim”, — dedi vazir

12 oktabrdan Toshkentda isitish mavsumi boshlanadi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 12 oktabrdan ijtimoiy soha obyektlarini isitilishi boshlanishi haqida qaror qabul qildi.

“Diplom mutlaqo kerak emas hozir. Kasb kerak!” — Shavkat Mirziyoyev

O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida hozirgi kunda yoshlarga diplom emas, kasb kerakligini ta’kidladi. “Bilim kerak! Surxondaryoga kerak bo‘lgan yo‘nalishlar kerak!”, — dedi u. Mirziyoyev “nasib qilsa, besh yildan keyin Surxondaryoda boshqacha joylarda uchrashishini” ta’kidladi.

Abdulaziz Kamilov — yirik davlatlarning Markaziy Osiyodagi raqobati haqida

Ayrim yirik davlatlar o‘rtasida zimdan va ba’zan murosasiz tarzda olib borilayotgan qarama-qarshilik oqibatlari jahonning turli mintaqalarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham kuzatilmoqda, dedi TIV rahbari Abdulaziz Kamilov. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston “dunyoning yirik davlatlari raqobati mintaqa mamlakatlari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishini” xohlamaydi.

“Bu har ikki davlat uchun ham manfaatli”. Prezident Tojikistondan o‘tuvchi Sirdaryo — vodiy yo‘li haqida

Shavkat Mirziyoyev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda Sirdaryoni Tojikiston orqali vodiy bilan bog‘lovchi avtobus yo‘nalishlari joriy etilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘l qadimdan Xovosni vodiydagi viloyatlar bilan bog‘lab turgan. Hozirda bu yo‘lning ahvoli qoniqarli va Tojikiston tomoni ham yo‘l ochilishiga rozi. “Bu reja amalga oshishi har ikki davlat uchun ham manfaatli”, — dedi prezident.

9 oyda 77 mlrd so‘mdan ortiq gaz o‘g‘irlandi — Energetika vazirligi

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 9 oy ichida 77 mlrd 877 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Bu 40 mingta xonadonning qariyib 1 yillik iste’moli degani. Vazirlik 4 kun o‘tkazilgan reydning o‘zida 67 ta holatda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilganini aniqlagan.

Samarqanddagi uylarning birida gaz portlashi sodir bo‘ldi

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi uylarning birida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida bir kishi jarohat olib, shifoxonaga yuborildi. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yanvar-sentabr oylarida onlayn-auksionlar orqali 221,1 mlrd so‘mlik “chiroyli” avtoraqamlar sotilgan

2021 yilning 9 oyi davomida onlayn-auksion orqali jami 221,1 mlrd so‘m qiymatda 105,6 mingdan ziyod “chiroyli” raqamlar xarid qilingan. Eng qimmat sotilgan avtoraqamning narxi 441,5 mln so‘mni tashkil qilgan. Shuningdek, tovar-xom ashyo birjasidagi savdolar bo‘yicha boshqa ma’lumotlar ham taqdim etildi.

“Men u bilan ko‘rishganimda hammasi yaxshi edi”. Ombudsman — Gulnora Karimovaning ahvoli haqida

Gulnora Karimovaning advokati sentabr oyi o‘rtalarida mijozi bilan uchrashuvda uning qo‘lida ko‘karishlarni ko‘rganini xabar qilgan edi. Ombudsman Feruza Eshmatova koloniyada ko‘rishganida birinchi prezidentning qizi bilan hammasi yaxshi bo‘lganini va qaytadan monitoring o‘tkazilishini aytdi. U shuningdek, qamoqxonalarda qisqa muddatli uchrashuvlar qayta tiklanganini ham ma’lum qildi.

“MegaFon” nima uchun O‘zbekistonga kirdi — USM bosh direktori

Alisher Usmonovning USM xoldingi bosh direktori Ivan Streshinskiy “Kommersant” nashriga bergan intervyusida “MegaFon"ning O‘zbekiston bozoriga kirish sabablari haqida so‘zlab berdi. “U o‘sha yerda tug‘ildi va yordam berishni xohlaydi”, — dedi u.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Qo‘llanma: saylov uchastkasini aniqlash va uni o‘zgartirish

24 oktabr kuni prezident saylovlarida qaysi saylov uchastkasida ovoz berishingiz mumkinligini bilasizmi? Sizga biriktirilgan saylov uchastkasini o‘zgartirish mumkinmi? “Gazeta.uz” fuqarolar uchun saylov uchastkasini aniqlash va uni o‘zgartirish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.