24 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti saylovlari bo‘lib o‘tadi. Qoidaga ko‘ra, saylovchilar asosan doimiy yashash joylari bo‘yicha saylov uchastkalariga biriktiriladi va o‘sha yerda ovoz berishlari kerak bo‘ladi. Lekin, turli sabablarga ko‘ra doimiy yashash manzili bo‘yicha istiqomat qilmayotgan fuqarolar o‘z saylov uchastkalarini o‘zgartirishlari ham mumkin.

«Gazeta.uz» saylov uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha qo‘llanmani e’tiboringizga havola etadi. Buning uchun siz uyingiz yoki ish joyingizni tark etishingiz shart emas. Shunchaki Markaziy saylov komissiyasi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yo‘lga qo‘yilgan xizmatga o‘tib, buni amalga oshirishingiz mumkin.

Xizmatdan foydalanishda hech qanday hujjatlar talab etilmaydi, avtomatik tarzda bir zumda ma’lumotlar taqdim etiladi va xizmat bepul.

Suratlarni kattalashtirish uchun ularning ustiga bosing.

Saylov uchastkasini aniqlash

Buni ikki usulda aniqlash mumkin:

1. Markaziy saylov komissiyasi veb-cahifasi orqali

Havola orqali o‘tsangiz, yuqoridagi suratda ko‘rsatilganidek sahifa ochiladi. Uchastka manzilini aniqlashda faqat pasport seriyasi va raqami, tug‘ilgan kun sanasi, oy va yilni kiritish talab etiladi.

Ma’lumotlarni kiritganingizdan so‘ng, mana bunday sahifaga o‘tiladi. MSK sayti orqali saylov uchastkangiz aniqlashda uchastka raqami, manzili, telefon raqami va xattoki xaritada joylashuvi ham aks ettiriladi.

2. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali

My.gov.uz portali yordamida saylov uchastkasini aniqlashni istasangiz, saytning Xizmatlar bo‘limidan «Saylov uchastkasini aniqlash» xizmatini tanlashingiz lozim.

Ushbu holatda ham uchastkani aniqlashda faqat pasport seriyasi va raqami, tug‘ilgan kun sanasi, oy va yilni kiritish so‘raladi.

MSK saytidan farqli o‘laroq, portalda faqat uchastka raqami va manzilini bilib olishingiz mumkin. Xarita va telefon raqamlari esa ko‘rsatilmaydi.

Saylov uchastkasini almashtirishga ariza yuborish

Agar Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi saylov uchastkasi haqidagi ma’lumotlar sizning amaldagi doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzilingizga to‘g‘ri kelmasa, u holda siz maxsus so‘rovnomani to‘ldirish orqali saylov uchastkangizni o‘zgartirish bo‘yicha murojaat yuborishingiz mumkin.

Buning uchun siz my.gov.uz portalidagi «shaxsiy kabinet"ingizga kirishingiz lozim. Ushbu portalda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz, unda OneID tizimi orqali ro‘yxatdan o‘ting. Ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha savollarga javoblarni quyidagi havolada olishingiz mumkin.

Shundan so‘ng, my.gov.uz portalidagi xizmatlar orasidan «Saylov» bo‘limini tanlaysiz. Keyingi sahifada suratdagi kabi holat aks etadi. Ularning orasidan Saylov uchastkasini almashtirish xizmatini tanlaysiz.

Keyin esa ilk qadamda batafsilroq ma’lumotlar talab etiladi.

Familiya, ism va otangizning ismi, tug‘ilgan sanasi, pasport yoki ID-karta seriyasi va raqami, JSH SHIR (jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsion raqami), telefon raqami kiritiladi.

Qolaversa, so‘rovnomaga saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi) bilan birga tushgan rasmi ilova qilinadi.

Shundan so‘ng, qatnashadigan hudud, tuman va saylov uchastkasini kiritishingiz lozim.

Ma’lumotlar kiritilgach, keyingi qadamda telefon raqamingizni tasdiqlash kodi yuboriladi. Uni kiritib, arizani yakunlash qismiga o‘tasiz.

Shundan so‘ng, so‘rovnomada ko‘rsatilgan doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzilining kadastr raqamiga muvofiq sizga o‘zgartirilayotgan saylov uchastkasi haqidagi ma’lumot dastlabki tarzda tanishib chiqish uchun ko‘rsatiladi. Ma’lumotlarni yana bir bor tekshirib bo‘lgach, tasdiqlashingiz mumkin.

So‘rovnoma «UNICON.UZ» DUK qoshida tashkil etilgan Call-markaz operatori tomonidan 1 ish kuni ichida tekshirib chiqiladi.

Saylov uchastkasini o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmat natijasi bo‘yicha QR-kodli (matrik shtrixli kod) ma’lumotnoma YAIDXPda rasmiylashtiriladi hamda uni elektron shaklda yuklab olish va chop etish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Saylovga besh kundan kam muddat qolganida berilgan so‘rovlarni ko‘rib chiqish rad etiladi.

Saylov uchastkangizga o‘zgartirish kiritilgani yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida birinchi ko‘rsatilgan havolalar (1, 2) bo‘yicha saylov uchastkangizni qaytadan tekshirishingiz ham mumkin.

Oldinroq, «Gazeta.uz» 14−20 oktabr kunlari saylovda muddatidan oldin ovoz berish mumkinligi haqida xabar berib, buni qanday amalga oshirish kerakligi haqida ma’lumot bergan edi.