O‘zbekiston prezidenti 6 oktabr kuni «Geologiya-qidiruv ishlarini yanada rag‘batlantirish va yer qa’ridan foydalanuvchilarga soliq solish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Ushbu hujjatga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan boshlab muhim tijorat salohiyatiga ega bo‘lgan uglevodorodlar, qimmatbaho, rangli, nodir va radioaktiv metallar va boshqa turdagi rudali foydali qazilmalar obyektlari bo‘yicha geologik o‘rganish yoki avval o‘rganilgan yer qa’ri uchastkasida qazish ishlari uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini tanlov savdolariga чиқaришniнг maxsus tartibi o‘rnatiladi.

Bunda sotuv summasi yer qa’ridan foydalanish huquqi uchun bonus summasi sifatida qaraladi va tanlov savdolari tashkilotchilarining xarajatlarini chegirgan holda respublika budjetiga o‘tkaziladi.

Tanlov savdolari tashkilotchisi yoki tanlov savdolari ishtirokchilari qonunchilikda belgilangan tartibda foydali qazilmalarni qazib olishda (ajratib olishda) ayrim soliq turlari bo‘yicha soliq stavkalarini oshirilgan miqdorda taklif qilish huquqiga ega.

2022 yil 1 yanvardan boshlab:

a) geologiya-qidiruv va (yoki) izlanish ishlari o‘tkazish uchun ajratilgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i solish obyekti hisoblanmaydi;

b) ajratilgan maydon va foydali qazilma turlaridan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan miqdorda hisoblab chiqiladigan, geologik o‘rganishlar uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun har yillik litsenziya to‘lovi joriy qilinadi;

v) geologik o‘rganishlar uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun har yillik litsenziya to‘lovi quyidagilarga yo‘naltiriladi:

  • 70 foizi — respublika budjetiga;
  • 15 foizi — viloyat mahalliy budjetiga;
  • 15 foizi — tuman (shahar) mahalliy budjetiga.

Geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, shuningdek, ular tomonidan jalb etiladigan pudrat va yordamchi pudrat tashkilotlari quyidagilardan ozod etilmoqda:

  • konlarni qidirish, aniqlash va ishlatish davrida geologik qidiruvni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan maxsus texnikalarni vaqtincha olib kirishda davriy bojxona to‘lovlaridan;
  • konlarni qidirish, aniqlash va ishlatish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, moddiy-texnika resurslari va maxsus texnikalarni import qilishda bojxona bojidan.

2021 yil 1 oktabrdan boshlab:

  • tabiiy gazni eksportga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i stavkasi nol foiz miqdorida belgilanadi;
  • yuridik shaxslar tabiiy gazni O‘zbekiston hududiga import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi.

Tegishli vazirlik va idoralarga 2022 yil 1 yanvardan «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini kiritish topshirildi. Unda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini:

  • neft va tabiiy gaz bo‘yicha — 10 foizgacha;
  • oltin va mis uchun — 7 foizgacha;
  • volfram uchun — 2,7 foizgacha;
  • uran uchun — 8 foizgacha kamaytirish nazarda tutiladi.

Bunda uglevodorodlar, qimmatbaho, rangli, nodir va radioaktiv metallarni, shuningdek, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar (agar 2021 yil 1 sentabrga qadar kuchga kirgan bitim va shartnomalarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa) doirasida qazib olishni amalga oshiruvchi davlat ulushiga ega korxonalar uchun, O‘zbekiston prezidenti tomonidan yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning oshirilgan stavkalari belgilanishi mumkin.

Shuningdek, yer qa’ridan foydalanuvchilarning kapital xarajatlarini hisobga olgan holda yangi konlarda neft, tabiiy gaz, gaz kondensati, qimmatbaho, rangli, nodir va radioaktiv metallarni qazib olish (ajratib olish)ni amalga oshiruvchi yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun renta daromadi solig‘i joriy etiladi.

Yangi neft va gaz quduqlarini, sanoat usulida foydalanishga topshirilgan oydan boshlab, dastlabki ikki yil davomida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish, keyingi uch yilda ushbu soliq uchun belgilangan soliq stavkasining 50 foiziga kamaytirilgan stavkani qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan va ekspertlarni jalb qilgan holda, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash tartibini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bunda, 2021 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda tabiiy gaz, neft va ayrim turdagi boshqa foydali qazilmalarni qazib olishda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblashda soliq bazasi ularni tashish hamda qayta ishlash bilan bog‘liq xarajatlar summasiga kamaytirilishi belgilanmoqda.

Noruda foydali qazilmalar uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari unifikatsiya qilinadi. Renta daromadi solig‘ini to‘lovchi chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga soliq hisobini AQSh dollarida yuritish huquqi beriladi.