RBKning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Rossiyadan 1 million gektar yer maydonini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ijaraga olmoqchi. Ulardan olingan hosil O‘zbekistonning ichki bozoridagi talabni qondirishga yo‘naltiriladi.

oktabr oyi boshida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin bilan qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarni o‘zbekistonlik fermerlarga ijaraga berishni muhokama qilgan.

Birinchi bosqichda «muloqot o‘rnatish va o‘zaro hamkorlik mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish» maqsadida 35 ming gektar yerni ijaraga olish taklif qilindi. Bunda Rossiya sharoitlarida yetishtirilishi mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari: bug‘doy, soya, moyli ekinlar ekilishi mumkin. Hosil O‘zbekistonga olib kelinadi.

Yaqin yillarda ijaraga olingan yerlarning umumiy maydoni 300−500 ming gektargacha, istiqbolda esa 1 mln gektargacha kengaytirilishi mumkin, deya ta’kidladi Jamshid Xo‘jayev.

Bunga javoban Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Levin mamlakatning 23 ta hududi ushbu loyihaga qiziqish bildirishganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qishloq xo‘jaligi uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan 8−13 mln gektarga yerga ega.

Rossiya tomoni O‘zbekistonga o‘simlik yetishtirish bo‘yicha xorijiy investitsion loyihalarni tashkil etish sharoitlarini tushuntirib bergan. Loyihani amalga oshirish muddatlari va aniq mexanizmlar O‘zbekiston ishchi guruhining Rossiyaga tashrifi doirasida muhokama qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ishlarini qiyin ahvolga solayotgan suv tanqisligi muammosi mavjud.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 16 dekabr kuni o‘tkazgan videoselektorda viloyat hokimlariga Rossiya vilotyalari va shaharlari bilan hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi. O‘shanda u o‘zbekistonlik tadbirkorlar rublli kreditlardan foydalanishi va O‘zbekistonga mahsulot yetkazish uchun Rossiya hududlarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligini aytgan edi.