O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat avvalida davlat rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga ega tinchlik-osoyishtalik va bardavom ravnaq tiladi.

Prezident Vladimir Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.

Prezidentlar kelgusi oyda bo‘lib o‘tadigan Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalalarini muhokama qildilar.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishidan kelib chiqqan holda fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga davlat tashrifi 2020 yilning fevral oyida rejalashtirilgan edi. O‘sha yilning fevral oyida tashrif iyunda bo‘lib o‘tishi xabar qilingan, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli qoldirilgan.

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan muzokaralarda bu tashrifni oktabr oyidagi prezident saylovlariga qadar yoki undan keyin tashkillashtirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil aprel oyida davlat tashrifi bilan Moskvaga bordi. 2018 yil oktabrda Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi.

Ma’lumot uchun

24 oktabr kuni O‘zbekistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi.

Saylov kodeksiga muvofiq, saylov natijalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kunidan 10 kundan kechiktirmasdan e’lon qilinishi lozim.

Prezident Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovi natijalari rasmiy ravishda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan ikki oy ichida Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida qasamyod qilgan paytdan e’tiboran o‘z lavozimiga kirishadi.

Amaldagi prezident o‘z vakolatlarini yangi saylangan davlat rahbari lavozimga kirishguniga qadar bajaradi.