Indoneziya Oziq-ovqat mahsulotlari va dori preparatlari nazorati agentligi (BPOM) Xitoy-O‘zbekiston hamkorligida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidan favqulodda foydalanishga ruxsat berdi. Bu haqda BPOM rahbari Penni K. Lukito shu munosabat bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozmoqda Vaksinauz Telegram-kanali.

Ma’lum qilinishicha, Penni K. Lukito mazkur vaksinaning I, II va III faza tadqiqotlari uning nojo‘ya ta’sirlari kamligini ko‘rsatgan. Shuningdek, vaksinaning 3-dozasidan keyin 7 kun o‘tgach samarasi 81,71% ni tashkil etganini qayd etilgan.

ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining III faza sinovlari Indoneziyaning Bandung shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, unda jami 4000 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan. Jami sinovlarda butun dunyodan 28 ming nafar ko‘ngillilar qatnashgan.

“Indoneziya OAVlaridaa xabar berilishicha, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi Covid-19 virusiga qarshi umumiy 92,92% foiz samaradorlikni ko‘rsatgan. Indoneziyada shu paytgacha Bio Farma, Moderna, Pfizer, AstraZeneca, Sinopharm, up CanSino kabi vaksinalar qo‘llangan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 30 sentabr kuni Jurabek Laboratories tomonidan ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1 mln 458 ming 820 dozasi SES xizmati vakillariga topshirildi. Hozirgi kunda korxona tomonidan jami 7 mln doza vaksina ishlab chiqarilgan.

Ma’lumot uchun, 6 oktabrga qadar Indoneziyada 19,64% aholi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.