Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Chorvoq oromgohi» dam olish maskani yaxlit mulkiy majmua (virtual ko‘rish) sifatida ommaviy savdolarga chiqarildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berishicha, shu munosabat bilan dam olish maskanini 8 ta alohida lotlari bo‘yicha savdo jarayonlari to‘xtatildi.

Birinchi bosqichda — talabgorlar oldindan saralanadi, jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to‘liqligi, zakalat puli kelib tushganligi, davlat aktivlaridan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchi bosqichda — talabgorning tijorat takliflari, jumladan, sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati baholanadi.

Savdoning birinchi bosqichida ishtirok etish uchun talabgorlar 2021 yil 8 noyabr kuni soat 18:00 ga qadar o‘zbek yoki rus yoxud ingliz tillarida belgilangan hujjatlarni «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali taqdim etishi zarur.

Oromgohni xarid qiluvchilarga alohida shartlar ham qo‘yilmoqda:

  • Dam olish maskanidan kelgusida mehmonxona va boshqa turizm infratuzilmasini saqlab qolish va rivojlantirish;
  • daraxt va butalarning kesilishiga joriy etilgan moratoriyga rioya etish;
  • «Chorvoq oromgohi» dam olish maskanining Germaniya kompaniyasi «IMPRO GmbH» LTD oldidagi 573 568,47 YeVRO miqdoridagi qarzdorligini 2022 yil 1 fevraldan boshlab grafik asosida to‘lash.


Talabgor davlat aktivini sotib olish to‘lovini bir oydan ko‘p muddatlarda (ko‘pi bilan 36 oy) amalga oshirishni taklif etganda, uning narx taklifi ushbu muddatlarni inobatga olgan holda belgilangan tartibda joriy qiymatga keltirib baholanadi.

Savdo yakunlari bo‘yicha savdo g‘olibi bilan Davaktiv agentligi tomonidan xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 20 kun ichida oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi (fors-major holatlari bundan mustasno) va savdolarga qatnashish uchun to‘langan zakalat puli davlat aktivi xarid to‘lovining bir qismi sifatida qabul qilinadi.

Davlat aktivlari savdolari yakunlari bo‘yicha g‘olib tomonidan to‘lanadigan xarid qiymatiga chegirma qo‘llanilmaydi. Savdolar yakunlari bo‘yicha savdo g‘olibi tomonidan oldi-sotdi shartnomasini tuzish rad etilsa yoki undan voz kechilsa, u tomonidan to‘langan zakalat puli miqdori qaytarilmaydi.

Davlat tender komissiyasi yoki Ishchi organ o‘z xohishiga ko‘ra hech qanday majburiyatni o‘z zimmasiga olmagan holda, har qanday vaqtda savdoni to‘xtatishi hamda savdo jarayonida talabgorlardan qo‘shimcha va aniqlashtiruvchi ma’lumotlar so‘rashi mumkin.

Bunga qadar, «Brodvey»dagi DXXning sobiq binosi, «Malika» bozori va boshqa obyektlar, shu jumladan birinchi prezidentning qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan «Sijjak» dam olish zonasini sotuvga chiqarilgani haqida yozgan edik.

Eslatib o‘tamiz, Tashqi ishlar vaziri o‘g‘li Doniyor Kamilov asoschisi sifatida ko‘rsatilgan Metropol Group kompaniyasi 210 mlrd so‘mga «Sayilgoh»da joylashgan DXX sobiq binosini sotib oldi.