22 sentyab kuni «Gazeta.uz»da «11 yillik qarovsizlik. Buxorodagi teatrning eski binosi avariyaviy holatdan chiqishini kutmoqda» nomli maqola e’lon qilingan edi.

Unda Sadriddin Ayniy nomidagi Buxoro davlat musiqali drama va komediya teatri birinchi o‘zbek professional teatrlaridan biri ekanligi, biroq teatrning eski binosi bir necha yildan beri ta’mirtalab holda ekani qayd etilgan. Uning ijodiy jamoasi esa «Ko‘hna va boqiy Buxoro» majmuasidagi o‘z namoyishlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yili 21−22 yanvar kunlari Buxoroga tashrifi davomida S.Ayniy nomidagi sobiq musiqali drama va komediya teatri binosini rekonstruksiya qilish va faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish, Boqiy Buxoro majmuasida joylashgan viloyat teatri binosini madaniyat saroyiga aylantirish yuzasidan topshiriq berilgan.

Uning ijrosi yuzasidan esa Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 maydagi «Buxoro madaniyat saroyi faoliyatini tashkil etish hamda hududda teatr san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingan.

«Boqiy Buxoro majmuasida joylashgan teatr binosini madaniyat saroyiga aylantirish choralari ko‘rilmoqda. S.Ayniy nomidagi sobiq musiqali drama teatri binosini 2022 yilda respublika budjetining 64,5 mlrd so‘m mablag‘lari asosida ta’mirlash rejalashtirilganligi bildiriladi», — deyiladi xabarda.


Avvalroq, «Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolada Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 3-bosqich talabasi Ziyoda Aloyiddin qizi teatrning eski binosi yangisidan nimasi bilan afzalligi va nega teatr avariyaviy holatdan hali ham chiqmaganligini o‘rgangan edi.

Sadriddin Ayniy nomidagi teatr binosi aholi ko‘p yashaydigan, turistik manzil bo‘lmish Buxoroning Eski shaharida joylashgan. Teatr binosi 450 o‘ringa mo‘ljallangan.

1921 yilga qadar bu binodan «Xalq uyi» (narodnыy dom — revolyutsiyadan oldingi Rossiyada ommaviy madaniy-ma’rifiy muassasa — tahr.) sifatida foydalanib kelingan. 11 yil oldin teatr avariya holiga kelib, unda spektakllar namoyishining imkoni bo‘lmay qolgach, teatr faoliyati yangi binoga ko‘chirilgan.

Mazkur teatr direktori Gulnora Husenovaning aytishicha, eski binodagi namoyishlarni ham mahalliy aholi, ham sayyohlar tomosha qilish uchun kelishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, teatr eski binoda faoliyat olib borganda tunda ham tomoshabinlar kelgan. Hatto o‘zbek tilini bilmagan turistlar spektakllarning oxirigacha o‘tirishgan.

Eski bino jamoat transportlari serqatnov bo‘lgan joyda joylashgan bo‘lsa, «Ko‘hna va boqiy Buxoro» shahardan uzilgan.