O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Kobulda Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi rahbari vazifasini bajaruvchi Amir Xon Mottakiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Bu haqda 7 oktabr kuni Afg‘oniston TIVning mamlakat muvaqqat hukumatida Tolibon tomonidan tayinlangan vakili Abdul Qahar Balxiy o‘zining Twitter sahifasida yozib qoldirdi. Bu Tolibon Afg‘onistonda hukumat tepasiga kelgach, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan ilk yuqori darajadagi tashrif.



Amir Xon Mottakiy o‘zbekistonlik hamkasbini qutlar ekan, mamlakatdagi vaziyat barqarorlashishiga ishontirdi va uni «xavfsiz muhitda qabul qilish sharaf» ekanligini ta’kidladi.

Afg‘oniston TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, Abdulaziz Kamilov «shaharning ozodaligi, shahar boshqarilayotgani, ko‘chadagi odamlar va xavfsiz muhitni ko‘rganidan mamnun» ekanligini qayd etgan. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston har doim ham ikki mamlakatning o‘zaro manfaatlariga e’tibor qaratgan va «O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan tashqi siyosati boshqa masalalarga bog‘lanmagan».

«Janob Kamilov Afg‘oniston Islom amirligi yaqin orada xalqaro hamjamiyatda mustahkam o‘rin olishiga umid bildirdi va O‘zbekiston tranzit, energetika va savdo sohasidagi majburiyatlariga sodiq qolishiga ishontirdi», — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida Amir Xon Mottakiy Mozori-Sharifdagi aeroportni rekonstruksiya qilish rejasi va boshqa sohalardagi yordam uchun hamkasbiga minnatdorchilik bildirdi.

oktabr boshida O‘zbekiston elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov «Tolibon» vaqtinchalik hukumatda TIV rahbari etib tayinlagan Amir Xon Mottakiy bilan uchrashgan edi. Tomonlar davlatlar o‘rtasidagi parvozlarni qayta tiklash, Mozori Sharif aeroportini rekonstruksiya qilish masalalarini muhokama qildilar.