Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 7 oktabr kuni O‘zbekistonda raqobatbardosh moliyaviy bozorlarni rivojlantirish uchun 100 million dollarlik kreditni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, mazkur kredit mablag‘lari mamlakatda moliyaviy bozorlar uchun qulay muhit yaratishda zarur bo‘lgan davlat siyosati, qonunchilik hamda institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi.

«O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonlarini jadallashtirar ekan, mustahkam va raqobatbardosh ichki moliyaviy bozorlar xususiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega», — deya qayd etdi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov. «OTB O‘zbekistondagi moliyaviy bozorlarni rivojlantirish hamda iqtisodiy o‘sishning asosiy omili va mamlakatda yangi ish o‘rinlarining muhim manbai hisoblangan xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga yordam beradi».

Ma’lum qilinishicha, OTBning Moliyaviy bozorlarni rivojlantirish dasturi O‘zbekiston moliya bozorini chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. U likvidligi yuqori davlat obligatsiyalari bozorini rag‘batlantirishga va investorlar bazasini diversifikatsiyalashga intiladi. Shuningdek, dastur bozorning muhim infratuzilmasini, jumladan, nazorat tizimlarini rivojlantirishga va birja savdolariga qo‘yiladigan fondlar kabi muqobil moliyaviy vositalar taklifini kuchaytirishga yordam beradi.

Dastur O‘zbekiston moliya tizimida asosan banklar faoliyatiga asoslangan moliyaviy vositachilik tizimidan voz kechib, «tizimli kamchiliklarni kamaytirishga yordam berishi» aytilmoqda.

«Bu korporativ qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanishiga turtki bo‘ladi, sug‘urta kompaniyalari kabi institutsional investorlarning talabini oshiradi, mavjud moliyaviy vositalarni diversifikatsiya qiladi va investorlar bazasini kengaytiradi», — deydi OTB moliyaviy sektorining bosh mutaxassisi Sayid Ali-Mumtoz X.Shoh.

OTB jamoatchilik menejmenti bosh iqtisodchisi Chigdem Akinning so‘zlariga ko‘ra, mazkur dastur investorlarga muqobil investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish va mablag‘larni «tejamkor jalb qilish»ga xizmat qiladi.

Shuningdek, OTB dastur doirasidagi islohotlarni amalga oshirish uchun 500 ming dollarlik texnik yordam granti ajratishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» OTB 2021−2022 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha prognozlarini yangilaganligi haqida xabar qilgan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021 yilda 5 foiz, 2022 yilda esa 5,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.