O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti joriy yilda 6,2 foiz o‘sishi va kelgusi yilda 5,6 foizni tashkil qilishi kutilmoqda. Bu haqda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy hisobotining yangi nashrida qayd yetilgan. Iyun oyida Jahon banki O‘zbekistonda YAIM o‘sishi 4,8 foizni tashkil qilishini prognoz qilgandi.

Iqtisodiyotning o‘sish tendensiyalari

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili O‘zbekiston YAIM ko‘rsatkichi 1,7 foizgacha sekinlashuvidan so‘ng, 2021 yilning birinchi yarmida YAIM 6,2 foizgacha o‘sdi. Uy xo‘jaliklari daromadi va ichki investitsiyalarning o‘sishi, budjet mablag‘larining inqirozga qarshi choralarni amalga oshirish uchun sarflanishi, shuningdek, soliq imtiyozlari 2021 yilda iqtisodiyotning o‘sishiga sabab bo‘ldi.

Hisobotga ko‘ra, eksportning umumiy hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,3 foizga oshdi. Xususiy iste’molning o‘sishi va mashinalar, uskunalar va xom ashyoga bo‘lgan talabning tiklanishi hisobiga 2021 yilning birinchi yarmida import 14,3 foizga o‘sdi.

Inflyatsiya darajasi 2020 yil iyun oyidagi 14,7 foizdan 2021 yil iyun oyida 11 foizgacha kamaydi. Ushbu ko‘rsatkich oziq-ovqat narxining o‘sish sur’ati tufayli ikki xonali raqamligicha qoldi. Inflyatsiya bo‘yicha kutilmalarning noaniqlik darajasini hisobga olib, Markaziy bank bazaviy stavkani 14 foiz darajasida qoldirdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yil sentabr oyidan beri o‘zgarishsiz qolmoqda.

Iqtisodiyotni kreditlash bo‘yicha yillik o‘sish 2020 yil iyun oyida 34 foiz va 2019 yilda 52 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yil iyun oyida 24 foizgacha sekinlashdi. Bu tendensiya 2021 yilda real kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining balandligi va davlat tomonidan subsidiya qilinadigan kreditlashning qisqarishi hisobiga bank kreditlariga bo‘lgan talabning susayishini ko‘rsatadi.

Iqtisodiy tiklanish jarayonida ishsizlik darajasi 2020 yilning birinchi yarmidagi 13,2 foiz va 2020 yil oxiridagi 10,5 foizdan 2021 yilning birinchi yarmida 10,2 foizga pasaydi. Hisobotda aytilishicha, ishsizlik darajasi hozircha pandemiyadan oldingi darajaga yetmagan (9 foiz atrofida) hamda ayollar va yoshlar uchun o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha prognoz

2021 yilda O‘zbekiston YAIMning o‘sishi 6,2 foizga yetishi kutilmoqda. Ammo pandemiyaning yangi to‘lqinlarining global va milliy iqtisodiyotga ta’siri davom etayotgani sababli bu prognoz noaniqligicha qolmoqda.

Jahon banki ekspertlarining fikriga ko‘ra, 2022 yilda ham mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi yuqori darajada qolib, aholini emlash darajasi tezlashishi va jahon iqtisodiyotidagi uzilishlarning kamayishi bilan 5,6 foizga yetishi kutilmoqda.

Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 2021 yilda past darajada qolishi va 2022 yilda qisman tiklanishi kutilmoqda.

Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va aholini emlash kampaniyasi bo‘yicha xarajatlar 2021 yil oxiriga kelib davlat xarajatlarini yanada oshiradi. Bu budjetga soliq tushumlarining ko‘payishi, foydali qazilmalarni qazib chiqarish va davlat korxonalarini xususiylashtirishdan keladigan daromad hisobiga qoplanadi, bu esa 2021 yilda budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 5,5 foiziga teng bo‘lishiga olib kelishi kutilmoqda.

Iqtisodiyotning barqaror tiklanishi, inqirozga qarshi choralarning bosqichma-bosqich bekor qilinishi va soliq bazasini kengaytirishga qaratilgan soliq ma’murchiligi islohotlari budjet taqchilligini kamaytirishga va 2023 yil oxiriga kelib davlat qarzini YAIMning qariyb 42 foizi darajasida barqarorlashtirishga yordam berishi kutilmoqda.

Markaziy Osiyodagi iqtisodiy vaziyat

Ichki talabning kuchayishi Markaziy Osiyoda iqtisodiy faollikni oshirdi, chunki iqtisodiyotning bosqichma-bosqich ochilishi chakana savdo hajmini oshirdi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, mintaqadagi o‘sish 2021 va 2022 yillarda 4,3 foizgacha tiklanadi.

Qayd etilishicha, xavfsizlikka tahdidlarning oshishi va qochqinlar oqimi bilan bog‘liq noaniqlik sababli qo‘shni davlatlardagi, jumladan Afg‘onistonda, barqarorlik bo‘yicha xavotirlar Markaziy Osiyodagi o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarga xavf solishi mumkin. Shuningdek, mintaqaning iqtisodiy prognozlari siyosiy tanglik va ijtimoiy tartibsizliklar, ayniqsa Qirg‘iziston bilan bog‘liq noaniqliklarni ham inobatga olishi kerak.