Benjamin List va Devid Makmillan yangi katalizatorlarni kashf qilgani uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi, deya xabar bermoqda Kommersant’ nashri.

Qayd etilishicha, ushbu kashfiyot farmatsevtikaning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan va kimyoni «yashilroq» qilishga, ya’ni uning tabiatga ta’sirini kamaytirishga olib kelgan.

Ko‘p yillar davomida tadqiqotchilar faqat ikkita turdagi katalizatorlar borligini isbotlashgan: metallar va fermentlar. 2000 yilda doktor List va doktor Makmillan bir-biridan mustaqil ravishda katalizatorlarning uchinchi turini ishlab chiqdi. Bu assimetrik organokataliz deb ataladi va kichik organik molekulalarga asoslanadi. Bu assimetrik molekulalarni yanada yengliroq sintez qilishga yordam berdi.

Olimlar uchun mukofot puli taxminan 1,1 mln dollarni tashkil qildi.

Devid Makmillan — shotlandiyalik kimyogar va Prinston universiteti professori hisoblanadi. U 2010 yildan 2015 yilgacha ushbu universitetda kimyo kafedrasini ham boshqargan.

Benjamin List — nemis kimyogari bo‘lib, Frankfurtda tug‘ilgan va hozirda Germaniyadagi Maks Plank nomidagi ko‘mir tadqiqot instituti direktori lavozimida faoliyat yuritadi.

2020 yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti genomlarni tahrirlash uslubini yaratgani uchun Jennifer Dudna va Emanuel Sharpentega berilgan edi.