Afg‘onistonning sobiq prezidenti Ashraf G‘ani avgust oyida O‘zbekiston hududi orqali mamlakatni tark etib, u yerdan Qozog‘iston aviakompaniyasi laynerida BAAga uchib ketgan, deya yozmoqda «RIA novosti» nashri. Ma’lum qilinishicha, bu haqda mamlakatning sobiq rahbari atrofida bo‘lgan manba va Flightradar ma’lumotlariga tayanib Afg‘onistonning Hasht e Subh Daily nashri xabar qilgan.

Nashrning G‘ani bilan Kobuldan qochganlar orasida bo‘lgani aytilgan manbasiga ko‘ra, 15 avgust kuni mamlakatdan qochish uchun prezident saroyi hududida favqulodda vaziyatlar uchun maxsus saqlanadigan bir nechta vertolyotlardan foydalanilgan.

«O‘zbekistondagi Termiz shahriga qo‘ngan to‘rtta vertolyotda jami 54 kishidan 22 nafari harbiy havo kuchlarining uchuvchilari, ikki nafari BBC uchuvchilari va texnik xodimlari, qolgan 22 nafari prezidentning tansoqchilari edi. Ularlan hech birining [yonida] pasporti bo‘lmagan», — qayd etgan manba nashr bilan suhbat chog‘ida.

G‘ani va uning hamrohlari O‘zbekiston hududida bir sutkadan ko‘proq vaqt o‘tkazganlar. Nashr manbasiga ko‘ra, ular mamlakatga kirib kelgan afg‘onlarning «har bir hatti-harakatini» kuzatgan va hatto «bir-birlari bilan gaplashishga» ham ruxsat bermagan o‘zbek harbiylari nazorati ostida bo‘lishgan.

«Dushanba kuni, tushlik paytida, 31 soatlik noaniqlikdan so‘ng, hech qanday davlat yoki tijorat ramzlariga ega bo‘lmagan kichik oq rangli samolyot Termiz aeroportiga kelib qo‘ndi», — deydi nashr manbasi.

Nashrning ta’kidlashicha, Fightradar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, gap Termizdan Abu-Dabiga parvozni amalga oshirgan Qozog‘istonning FlyJet aviakompaniyasi samolyoti haqida ketmoqda. «Aynan shu samolyotda Ashraf G‘ani va uning 53 sherigi Termizdagi 31 soatlik to‘xtashdan so‘ng 16 avgust kuni soat 23:00 da Abu-Dabiga uchib ketishgan», — deb yozadi nashr.

Nashr manbasiga ko‘ra, 3,5 soatdan keyin samolyot Abu-Dabi aeroportiga qo‘ngan, u yerga kelganlarga «bir necha arab erkaklari» yaqinlashib, G‘anini kutib olishgan. Manba Abu-Dabida Afg‘onistondan kelganlarga O‘zbekistonda ko‘rsatilmagan «hurmat» bilan munosabatda bo‘lishganini qayd etdi.

«Ashraf G‘ani aeroportni tark etgan paytdan beri men na uni, na boshqa amaldorlarni ko‘rmadim», — deya ta’kidlagan manba. Shuningdek, u BAA rasmiylari uni va Afg‘onistondan kelgan boshqa odamlarni «bu mamlakatda qolishlari mumkin emasligi» to‘g‘risida ogohlantirganini qo‘shimcha qilgan.

Avgust oyining boshida Tolibon Afg‘oniston hukumat qo‘shinlariga qarshi hujumni kuchaytirdi, 15 avgustda jangarilar Kobulga kirib kelishdi va ertasi kuni urush tugaganini e’lon qildi. Avgust oyining oxirgi ikki haftasida AQSh harbiylari himoyasi ostidagi Kobul aeroportidan G‘arb davlatlari fuqarolari va ular bilan hamrohlikda bir guruh afg‘onlar ommaviy evakuatsiya qilindi.

31 avgustga o‘tar kechasi AQSh harbiylari Kobul aeroportini tark etib, AQShning Afg‘onistondagi qariyb 20 yillik harbiy harakatlarini to‘xtatdi. sentabr oyi boshida Afg‘oniston muvaqqat hukumati tarkibi e’lon qilindi. Muvaqqat hukumatga «Tolibon» birinchi hukmronligi davrida tashqi ishlar vaziri bo‘lgan va 2001 yildan beri BMT sanksiyalari ostida bo‘lgan Muhammad Hasan Oxund rahbar bo‘lishi ma’lum qilingan.

17 sentabrda Dunyo axborot agentligi rasmiy ma’lumotlarga tayanib, Ashraf G‘ani, Abdul-Rashid Do‘stum va boshqa Afg‘oniston yetakchilari O‘zbekistonda emasligini ma’lum qilgan edi.