2021 yil 4 oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘zbek-turkman forumi doirasida «O‘zavtosanoat» va «Turkmenistan-Motors» o‘rtasida Turkmaniston hududida avtomobil, qishloq xo‘jaligi va tirkama uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, memorandum doirasida «Turkmenistan-Motors» AJ ishlab chiqarish obyektlarida UzAuto Motors avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzish rejalashtirilgan. Shuningdek, Turkmaniston hududida avtomobil komponentlarini ishlab chiqarish va ularni eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, kompaniyalar «O‘zavtosanoat» tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan boshqa pikaplar, yuk mashinalari va avtobuslar, qishloq xo‘jaligi va tirkamalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida gap yiliga 5 mingta avtomobil ishlab chiqarish haqida ketayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihaning investitsiyalar hajmi 10 mln dollarni tashkil qiladi.

«Turkmenistan-Motors» bosh direktori Furkad Aydashev «Kursiv»ga bergan intervyusida, korxona birinchi yilda 10 ming donagacha qishloq xo‘jaligi texnikasi va tirkamalarini ishlab chiqarishni rejalashtirgan hamda 4−5 yil ichida ushbu ko‘rsatkich yiliga 50 ming donagacha yetishi kutilmoqda.

Ushbu memorandumda ko‘zda tutilgan masalalar Turkmanistonda yangi ish o‘rinlarini yaratish, YAIM tarkibida sanoat ulushini ko‘paytirish, eksport bozorlariga chiqish, aholini xalqaro sifatli avtomobillar bilan ta’minlash uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mamlakatlar avtomobillar, elektr jihozlari, qurilish materiallarini yig‘ish va turizm sohasida klasterlar yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Turkmaniston tomoni o‘zbek tovarlarini 300 million dollarga sotib olishni rejalashtirmoqda hamda «Turkmanboshi» dengiz portining infratuzilmasini taklif qilmoqda.

Oldinroq Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida 23 ta hujjat imzolangani haqida xabar berilgan edi. Ular doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida bitim tuzilgan.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida bojxona chegarasidan o‘tayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar almashishni tashkil etish to‘g‘risidagi bayonnoma ham imzolandi.