Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etiladi

Parlament va Vazirlar Mahkamasining muassisligida Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilmoqda. Uning asosiy maqsadlariga ehtiyojmand oilalarning farzandlarini, chin yetimlarni, og‘ir kasallikka chalingan va nogironligi bo‘lgan bolalarni davolash, ularning ta’lim olishini, uy-joy bilan ta’minlanishini hamda kasb egallashlarini qo‘llab-quvvatlash kiradi.

Eksportyorlarga tashish xarajatlarining 50 foizgacha qismi qoplab beriladi

Hukumat qaroriga muvofiq, mahsulotlarini O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lmagan davlatlarga eksport qiluvchilarga tashish harajatlarining 50 foizgacha qismi to‘lab beriladi. Ariza va tegishli hujjatlar Eksportni rag‘batlantirish agentligiga taqdim etiladi. Kompensatsiya taqdim etish shartlari va uni rad etish tartibi ham belgilab berildi.

Chirchiqda o‘zbek tilini targ‘ib qiluvchi varaqalar paydo bo‘ldi

Chirchiq ma’muriyati jamoat joylarida o‘zbek va rus tillarida tez-tez ishlatiladigan so‘zlar aks etgan varaqalar joylashtirib, o‘zbek tilidagi so‘zlardan foydalanishga chaqirdi. Hokimiyat xabariga ko‘ra, O‘zbek tili kuni arafasida o‘tkazilayotgan “chellenj"dan maqsad — o‘zlashma so‘zlar o‘rniga o‘zbek tilidagi so‘zlarni ishlatishni targ‘ib qilishdan iborat.

Bolalarda yurak nuqsonlarini davolash uchun 2021 yilda 500 ta okklyuder xarid qilinadi

Prezident qaroriga muvofiq, bolalarda yurak nuqsonlarini davolash uchun 2021 yilda 10 mlrd so‘mga 500 ta okklyuder xarid qilinadi, kelgusi yildan ularning soni 5 martagacha oshiriladi. Qolaversa, tuman va shahar darajasida kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari keng joriy etiladi.

Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi

Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Jarima miqdori BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha oshirildi. Shuningdek, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazo chorasi kiritilmoqda va ozodlikdan mahrum qilish jazosi 1 yildan 3 yilgacha uzaytirildi.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov muzokaralarni boshlashdi

O‘zbekiston va Turkmaniston mintaqaviy va xalqaro masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki mamlakatlarning maqsadlari hamohang. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tor doiradagi uchrashuvda aytildi.

O‘zbekistonning bir qator hududlarida zilzila sezildi

O‘zbekistonning ayrim hududlarida zilzila sezildi. Zilzilaning epitsentri Afg‘onistonda bo‘lgan. Qashqadaryo va Surxondaryoda 3−4 balllik silkinishlar qayd etilgan.

“Harakatlar strategiyasini ro‘yobga chiqarish uchun 311 ta qonun qabul qilindi” — Ruslanbek Davletov

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Harakatlar strategiyasini amalga oshirish uchun 5 yilda 114 trln so‘m va qariyb 31 mlrd AQSh dollari yo‘naltirilganini ma’lum qildi. “Harakatlar strategiyasini ro‘yobga chiqarish uchun 311 ta qonun, 2000 ga yaqin O‘zbekiston prezidentining farmon va qarorlari qabul qilindi” — dedi u.

Huquqbuzar shaxs yetkazgan zararini qoplab, jabrlanuvchi bilan yarashsa, javobgarlikdan ozod etilishi mumkin

Qonunchilikka tuhmat, haqorat qilish, yengil tan jarohati yetkazish va yengil tan jarohatiga olib kelgan YTHlar bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda yarashuv instituti amaliyoti joriy qilinmoqda. Yarashuv faqatgina jabrlangan tomonning tashabbusi bilan va zarar qoplanganidan keyingina amalga oshishi mumkin.

TDIU sobiq prorektori qidiruvga berildi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sobiq prorektori firibgarlik va mansab soxtakorligida ayblanib, qidiruvga berilgan.

O‘zbekiston va Turkmaniston Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari Afg‘oniston xalqiga yordam berishda davom ettishlarini ta’kidlashdi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, u transmilliy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish rejalari haqida ham ma’lum qildi.

Turkmaniston prezidentining tashrifi doirasida 23 ta hujjat imzolandi

Turkmaniston prezidentining Toshkentga tashrifi davomida 23 ta hujjat imzolandi. Ular orasida Transport, tranzit tashishlar, suvni tejovchi texnologiyalar, adliya, ijtimoiy himoya va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga doir hujjatlar imzolangan.

UzAuto Motors Turkmanistonda avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin

“O‘zavtosanoat” va “Turkmenistan-Motors” o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra, Turkmaniston hududida UzAuto Motors avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Turkmaniston tomoni o‘zbek tovarlarini 300 million dollarga sotib olishni rejalashtirmoqda.

Profilaktika inspektorlari vakolatlari kengaytirildi

Profilaktika inspektorlari ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar ro‘yxati kengaytirildi. Jumladan, endiklikda “uchastkavoylar” haydovchilarning to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi hamda voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishlari mumkin.

Gurbanguli Berdimuhamedov — Shavkat Mirziyoyevning xususiyatlari to‘g‘risida

Turkmaniston davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov prezident Shavkat Mirziyoyevning maslahatlari va tavsiyalari mamlakatda paxta yetishtirish hajmlarini sezilarli darajada oshirishga yordam berganligini ta’kidladi. U hamkasbining boshqa xususiyatlarini ham e’tirof etdi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

OTMlardagi ilmiy-pedagogik mehnatni qanday baholash mumkin?

“Gazeta.uz” kolumnisti, faylasuf Valeriy Xanning ta’kidlashicha, oliy ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar mehnatini baholashda moslashtiruv hali ham yo‘q qilinmagan. U ilmiy-pedagogik mehnatni baholashning yangi tizimiga asos bo‘la oladigan sifat va miqdor mezonlarini taklif qilmoqda.

“Iqtidor va mehnatni o‘zida jamlagan sportchilar kam” — Olim Hikmatov, erkin kurashchi Bekzod Abdurahmonovning ustozi

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Olim Hikmatov “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida murabbiyning sportchi hayotidagi o‘rni, g‘alaba uchun muhim omillar, o‘z shogirdlariga nimalarni uqtirishi, Bekzod Abdurahmonovning sportdagi yo‘li va terma jamoaning keyingi rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi.