4 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida qonunni imzoladi. Bu haqda «Huquqiy Axborot» Telegram kanali xabar berdi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yarashilganlik munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish instituti kiritirildi.

Unga ko‘ra, Kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha yarashuv instituti qo‘llanilishi mumkin:

  • 40-modda (tuhmat);
  • 41-modda (haqorat qilish);
  • 45-modda (fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish);
  • 46-modda (fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish);
  • 46−1-modda (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish);
  • 52-modda (yengil tan jarohati yetkazish);
  • 61−2-modda (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish);
  • 104-modda (ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xo‘jalik ekinlarining dalada to‘plab qo‘yilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yo‘q qilib yuborish, ko‘chatlarga shikast yetkazish);
  • 133-modda (transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi);
  • 134-modda (haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi);
  • 183-modda (mayda bezorilik);
  • 200-modda (o‘zboshimchalik).

Bunda ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish to‘g‘risida qaror chiqaradi va ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi masalani hal etish uchun ish materiallarini sudga yuboradi.

Jabrlanuvchi yoxud uning qonuniy vakili yarashuv to‘g‘risidagi arizani ish vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ko‘rib chiqilishi vaqtida, shuningdek sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud qaror chiqarguniga qadar berishi mumkin.

Agar ish bo‘yicha bir necha jabrlanuvchi bo‘lsa, faqat barcha jabrlanuvchilar bilan yarashuvga erishilgan taqdirda, yarashuv to‘g‘risidagi ishni yuritish mumkin.

Yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud muhokamasi ish sudga kelgan paytdan e’tiboran 3 kundan kechiktirmay o‘tkaziladi.

Huquqbuzarlikni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashuvi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.