Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Bunday harakatlar:

  • BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima (ilgari faqat 50 baravarigacha);
  • 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash (ilgari 1 yilgacha);
  • 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (ilgari 1 yilgacha).

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda hokimiyat vakilining, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirilib, jarima miqdorlari oshirildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning har bir fuqarosi Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi, xalqning tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini asrab avaylashi, atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatta bo‘lishi, shuningdek, soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashi va O‘zbekistonni himoya qilishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov bunga huquqni muhofaza qiluvchilarning qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish soni oshib borayotganligini sabab qilib ko‘rsatgan edi. Uning qayd etishicha, so‘nggi vaqtlarda huquqni muhofaza qiluvchilarga tajovuz kayfiyati ortib bormoqda. “2018 yildagi 24,1 ming holat 2020 yilda 39 mingtaga ortgan”, — degan edi u.

Deputat Doniyor G‘aniyev esa bunday holatlar ichki ishlar organlari xodimlarining sog‘lig‘iga zarar bo‘layotganini ta’kidladi.

sentabr oyi oxirida hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi to‘g‘risidagi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Mazkur qonun bilan mamlakatda hokimiyat vakillarining huquqiy himoyasi ta’minlanishi aytildi.

Senator Shuhrat Cho‘liyevning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, IIO xodimlarining huquqbuzarliklarni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, transport vositasini to‘xtatish kabi qonuniy talablarni bajarmaslik borasida 2018 yili 24 ming 185 ta ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2019 yilda 29 ming 575 tani, 2020 yilda esa 38 ming 911 tani tashkil etgan.

Shuningdek, qo‘llanilgan jazo choralariga qaramasdan fuqarolar tomonidan 2018 yilda 972 ta, 2019 yilda 2265 ta, 2020 yilda esa 4169 ta ma’muriy huquqbuzarlik takroran sodir etilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, hokimiyat vakiliga faol qarshilik ko‘rsatganlik uchun JKning tegishli moddasi bilan 2018 yilda 248 ta, 2019 yilda 243 ta, 2020 yilda esa 251 ta jinoyat ishi sudlarga yuborilgan.