Toshkent viloyati Chirchiq shahrida hokimlik nazorati ostida va Ma’naviyat bo‘linmasi tashabbusi bilan shaharda o‘zbek tilini targ‘ib qilish bo‘yicha «chellenj»ga start berildi. Bu haqda 2 oktabr kuni shahar hokimiyati matbuot xizmati xabar berdi.

Do‘konlar, ta’lim muassasalari, jamoat transporti va boshqa jamoat joylarida o‘zbek va rus tillarida tez-tez qo‘llaniladigan so‘zlar aks etgan varaqalar joylashtirildi. O‘zbek tilidagi so‘zga «yashil tasdiq belgisi», uning rus tilidagi tarjimasiga esa «qizil inkor» belgisi qo‘yilgan.


Shahar hokimiyati matbuot kotibi Fahriddin Qodirovning «Gazeta.uz»ga tushuntirishicha, shahar rahbariyati o‘zining aksiyasida «Davlat tili haqida"gi qonun qabul qilinganligining (1989 yil 21 oktabr) 32 yilligi munosabati bilan «shunchaki tez-tez qo‘llaniladigan so‘zlarning tarjimasi borligini eslatmoqchi bo‘lgan».

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek tilida qozoq, qirg‘iz yoki rus tillaridan kirib kelgan ko‘plab o‘zlashma so‘zlar mavjud. Shu munosabat bilan ham ushbu aksiya o‘zbek tilidagi so‘zlardan to‘g‘ri foydalanishni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan.

«Masalan, o‘zbek tilida „kassa“ so‘zidan ko‘p foydalanishadi, o‘zi aslida o‘zbek tilida „g‘azna“ deb aytiladi. „Spasibo“ o‘rniga „rahmat“, „pojaluysta“ o‘rniga „iltimos“ deb aytiladi. Agar o‘zbek tilida gapirib turib, ruscha qo‘shib yuborsa O‘zbekistonda odamlar tushunaveradi. Lekin, Rossiyada rus tilida gaplashib turib, o‘zbek yoki ingliz tilini qo‘shib yuborsangiz, tashqaridan xunuk ko‘rinadi», — dedi u.


«Bu rus tilini cheklash bilan bog‘liq emas. Agar kimdir rus tilida gaplashsa, unda to‘liq rus tilida gaplashishi kerak, uni buzmagan holatda. Masalan, men rus tilini mukammal yaxshi bilmayman, shuning uchun unda gapirmaslikka harakat qilaman. O‘zbek tilini tushunmaydigan odamga to‘g‘ri kelib qolsam, noiloj rus tilida gapiraveraman. Ikki nafar o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar gaplashib qolsa, ular to‘g‘ri va sof o‘zbek tilini qo‘llashlari kerak», — dedi hokimlik vakili.

Iyulda O‘zbekiston Hukumati lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. 1 avgustga qadar davlat organlari barcha ko‘chalar, peshlavhalar va turli blaklarning lotin yozuvida bo‘lishini ta’minlashi kerak. O‘sha oyning o‘zida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida besh oyda 1000 dan ortiq peshlavha, reklama va e’lonlar davlat tiliga tarjima qilingani ma’lum bo‘ldi.