1 oktabrdan boshlab O‘zbekistonda avtomobil oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatni faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP, my.gov.uz) orqali olish mumkin bo‘ladi. Xizmat hozirda ishga tushgan va barcha xohlovchilar uchun faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ruxsatnoma — QR-kodli elektron sertifikat bo‘lib, to‘lov to‘langan vaqtdan boshlab 2 soat ichida 1 yil muddatga beriladi. Agar kerak bo‘lsa, uni qog‘ozga chiqartirib olish mumkin.

1 sentabrdan boshlab haydovchilar «tonirovka» uchun ruxsatnomani o‘zlari bilan olib yurishlari shart emas: YHXDX inspektorlari planshet orqali uning borligini mustaqil tekshira oladilar.

YAIDXP orqali «tonirovka» uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish tartibini tushuntirib o‘tamiz. Eslatib o‘tamiz, endi uning narxi 10% arzonroq.

Qaysi oynalarning tusini ruxsatsiz o‘zgartirish (qoraytirish) mumkin

Hukumat qaroriga ko‘ra, avtomobilning orqa shamol oynasini maxsus ruxsatsiz 100% qoraytirish mumkin.

Bundan tashqari, old oynaning yuqori qismiga kengligi 14 sm gacha bo‘lgan 100%gacha qoraytirilgan chiziq tortishga ruxsat beriladi.

«Tonirovka» uchun ruxsatnomaning narxi qancha

Jismoniy va yuridik shaxslar YAIDXP orqali ruxsat olish uchun murojaat qilganda, to‘lovlarning quyidagi stavkalar belgilangan (ilgari belgilangan miqdorning 90%):

  • orqa yon oynalar — yiliga 4,5 BHM (1,215 mln so‘m);
  • barcha yon oynalar — yiliga 45 BHM (12,15 mln so‘m).

Old eshiklarning yon oynalarini 50%gacha, orqa oynalarni esa 100%gacha qoraytirish mumkin.

YAIDXP orqali ruxsatnoma olish jarayoni

Oynalarni qoraytirishga ruxsat olish uchun my.gov.uz saytiga o‘tish va «Transport» xizmatlar bo‘limida «Avto oynalarining tusini o‘zgartirish» xizmatini tanlash kerak. Keyin «Xizmatdan foydalanish» tugmasini bosish kerak.


1. Ro‘yxatdan o‘tish

Ruxsatnomani rasmiylashtirishdan oldin my.gov.uz saytidan foydalanuvchi logini va parolini kiritish kerak. Agar YAIDXPda ro‘yxatdan o‘tilmagan bo‘lsa, shu yerning o‘zida darhol ro‘yxatdan o‘tish mumkin.


2. Arizani to‘ldirish

Birinchi oynada ariza maqsadini tanlash lozim. Agar ruxsatnoma birinchi marta rasmiylashtirilayotgan bo‘lsa, «Yangi rasmiylashtirish»ni tanlang.


Keyingi bosqichda to‘liq ism sharifni, JSHSHIR, pasport ma’lumotlarini, telefon raqamini, shuningdek, yashash hududi va tumanni ko‘rsatish kerak. Ko‘p maydonlar YAIDXP ma’lumotlar bazasi asosida avtomatik tarzda to‘ldiriladi.


So‘ng, transport vositasining davlat raqami hamda texnik pasportning raqami va seriyasini ko‘rsatish kerak. Shu yerning o‘zida qoraytirish turini tanlash lozim: faqat orqa yon oynalarmi yoki to‘liq qoraytirishmi.


Muhim: agar siz mashinani endigina ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lsangiz va yangi texnik pasport olgan bo‘lsangiz, mashina haqidagi ma’lumotlar bir necha soat ichida ma’lumotlar bazasida paydo bo‘lishi mumkin. Shu sababli mashinaga tus berish ruxsatnomasini keyinroq rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

3. To‘lov

Arizani to‘ldirgandan so‘ng, bank orqali to‘lov uchun kvitansiyani yuklab olish yoki to‘lov tizimlari orqali xizmat uchun pul to‘lash mumkin.


Tonirovka uchun to‘lovni amalga oshirish turlari:

To‘lov tizimlari orqali. 1 oktabr holatiga ko‘ra, kvitansiyani Upay va PaySys tizimlari orqali to‘lash mumkin. To‘lov uchun faqatgina kvitansiya invoys raqami kerak bo‘ladi.

G‘aznachilikning joriy hisob raqamiga o‘tkazish. Barcha kerakli rekvizitlar kvitansiyada ko‘rsatilgan.

Bank kassalarida. To‘lovni Munis banklararo to‘lov tizimiga ulangan har qanday bankda amalga oshirish mumkin.

«Tonirovka» uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri YAIDXPdagi to‘lov tizimlari orqali to‘lash tezroq va qulayroq.


To‘lov tizimlaridan birini tanlagandan so‘ng, invoys raqami ostidagi «Tekshirish» tugmasini bosish kerak.


So‘ngra to‘lov sahifasida barcha ma’lumotlarni tekshirish va plastik kartaning to‘lov tafsilotlarini, shuningdek telefon raqamini kiritish kerak.


To‘lovdan so‘ng, tizim kvitansiyani taqdim etadi va darhol «tonirovka» uchun elektron sertifikat taqdim qiladi.


4. «Tonirovka» uchun ruxsatnomani yuklab olish

QR-kodli elektron sertifikatni YAIDXP «Mening arizalarim» bo‘limida yoki «tonirovkani» rasmiylashtirish sahifasida kompyuter yoki smartfonga yuklab olish mumkin. Kerak bo‘lganda uni chiqartirib olib, o‘zi bilan olib yurish mumkin.


Shundan so‘ng, avtotransport oynalarini qoraytirish bo‘yicha mutaxassislarga murojaat qilish mumkin.