Joriy yilning iyul-sentabr oylarida FHDYO organlari tomonidan qarindosh bo‘lgan 675 nafar kelin-kuyovning nikohlari qayd qilingan. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar bermoqda.

Shundan, 285 nafar kelin-kuyov bir-biriga nisbatan xolavachcha, 172 nafari tog‘avachcha, 114 nafari amakivachcha va 104 nafari ammavachcha hisoblanadi.

Eng ko‘p qarindoshlar o‘rtasida nikoh qayd qilingan hududlar Surxondaryo (268 ta), Qashqadaryo (179 ta) va Sirdaryo (40 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun, Oila kodeksining 16-moddasiga asosan nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek, farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida nikoh tuzish taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda jami 174 998 ta nikoh holatlari qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 288 taga ko‘p.