Abdulla Qodiriy memorial muzeyida uning xotirasiga bag‘ishlangan «Abdulla Qodiriy — O‘zbek adabiyoti xazinasidan» mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda nuqt so‘zlagan bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov mamlakatda madaniy-ma’naviy merosni asrash hamda uni keyingi avlodga munosib yetkazib berishga katta e’tibor qaratilayotgani, jumladan muzeylarga bo‘lgan yondoshuv tubdan o‘zgarayotganini qayd etdi.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, shu kunlarda Sergey Borodin uy-muzeyida tashkil etilgan tadbir, bugun esa Abdulla Qodiriy xotirasiga bag‘ishlangan marosim ana shu amaliy ishlarning bir debochasi hisoblanadi.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

«O‘z o‘rnida shuni ta’kidlamoqchimanki, bundan keyin barcha adiblarimizning muzeylari va hatto uy-muzeylariga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytiriladi. Men O‘zbekiston hukumati vakili, bosh vazir o‘rinbosari hamda turizm va sport vaziri sifatida bebaho merosimizni asrash va bu yo‘lda harakat qilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyorman», — dedi u.

U so‘zi davomida jadidchilik harakatining yorqin namoyandasi bo‘lgan Abdulla Qodiriy o‘zbek adabiyotining javohiri hisoblangan asarlar muallifi ekanligini qayd etdi. «Qodiriyning „O‘tgan kunlar“, „Mehrobdan chayon“ kabi romanlarini o‘qimagan inson bo‘lmasa kerak. Shu bilan birga, u „Mushtum“ jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hay’ati a’zosi bo‘lgan. Uning asarlari asosida filmlar ishlangan va ular allaqachon tomoshabinlar qalbidan joy olib ulgurgan», — dedi Aziz Abduhakimov.

Abdulla Qodiriy o‘limidan keyin Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti laureati (1991) hamda «Mustaqillik» ordeni bilan (1994) mukofotlangan.

Tadbir davomida O‘zbekiston davlat drama teatri aktyorlari ijrosida «Jinlar bazmi» spektaklidan parcha, qolaversa, kuy va raqslar ijro etildi.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.