Fiziologiya va tibbiyot sohasidagi 2021 yilgi Nobel mukofoti Devid Julius va Ardem Pataputyanlarga «harorat va sezish retseptorlarini kashf qilishgani uchun» topshirildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

Olimlar o‘z vaqtida retseptor-molekulalarni kashf etgan bo‘lib, ushbu retseptorlar issiqlik, sovuqlik va teginishlarni sezuvchi bioximik reaksiyalarni keltirib chiqaradi.

Devid Julius 1955 yilda Nyu-Yorkda tug‘ilgan va 1984 yilda Berkli Kaliforniya universitetida doktorlik darajasini olgan. Keyinchalik u San-Fransiskoga ko‘chib o‘tgan va u yerda hozirgacha o‘z faoliyatini olib boradi.

Ardem Pataputyan 1967 yilda Livan poytaxti Bayrut shahrida tug‘ilgan, keyinchalik Los-Anjelesga ko‘chib o‘tgan. U yerda u Pasadendagi Kaliforniya texnologik institutida dissertatsiyasini yoqlagan. Hozirda olim Kaliforniyaning La-Xoyyasidagi Scripps Research tibbiy va tadqiqot notijorat markazida faoliyat olib boradi.

2020 yilda tibbiyot sohasi bo‘yicha Nobel mukofoti gepatit S virusini kashf etgan Harvi Alter, Maykl Xouton va Charlz Raysga topshirilgan edi.