3 oktabr kuni soat 22:13 da Toshkentning Chilonzor tumani 7-mavze 59-uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati. Yetti qavatli yangi binoning ikkinchi kirish qismida gaz portladi.

Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun FVVning 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji darhol voqea joyiga yetib borgan.

«Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda, uy aholisi jabrlanmagan. Qurbonlar yo‘q», — deyiladi xabarda.

FVVning qo‘shimcha qilishicha, vaziyat oqibatida bir nechta kvartiralarga qisman zarar yetgan, deraza va eshiklar shikastlangan.

Ayni vaqtda hamkorlikdagi xizmatlarning mutaxassislari ushbu favqulodda vaziyatning sabablarini o‘rganmoqdalar. 17 nafar uyi shikastlangan fuqarolar vaqtinchalik mehmonxonaga joylashtirildi, deyiladi xabarda.