Kelgusi yildan xorijdan o‘qishni ko‘chirishda o‘tish bali joriy yilgi kirish ballari bilan bir xil bo‘ladi. Bu haqda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov «Xalqaro press-klub»da ma’lum qildi.

«Kelasi o‘quv yilidan, biz hozirdan hujjatlarni imzolaymiz, o‘tish bali qancha bo‘lgan bo‘lsa, xorijdan o‘qishini ko‘chirib keladiganlarga shu ballni qo‘yamiz. Men buni hozirdan aytyapman. Shuning uchun farzandini xorijda o‘qitayotganlar yaxshi niyat bilan o‘qitishi kerak. TOP-1000 talikka kiradigan OTMlarga, nufuzli OTMlarda o‘qitib, u yerdan diplom olish kerak, bu birinchi masala», — dedi vazir.

«Bu yil testga kirib chiqqanlarning orasida nima muammo chiqyapti? U o‘tgan yili hech qanaqa talaba bo‘lmagan. Bu yil „1-kursni tugatdi“, degan hujjat beryapti va u hujjat bilan onlayn hujjat topshirib, aytaylik 66,1 balldan yuqori olyapti», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Abduqodir Toshqulovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holatda adolat buzilyapti.

«Uning sinfdoshi 120 ball bilan o‘tolmayapti, u esa o‘tgan yili o‘qimasdan, 66,1 ball to‘plab 2-kursdan o‘qiyapti. Haligi do‘sti kirgan bo‘lsa ham, tabaqalashtirilgan kontrakt to‘layapti», — deya ta’kidladi u.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, xorijdan o‘qishni ko‘chirishda imtihonlar Davlat test markazida o‘tkazildi.

«Kelasi yili o‘zining yo‘nalishida, masalan, yuridikda bir yil oldin 160 ball bo‘lgan bo‘lsa, kelasi yili shu ballni to‘plashi kerak bo‘ladi. Bu kimnidir ko‘kragidan itarish emas, aldanmaslik kerak», — dedi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oliy ta’limda qabul kvotalari soni har yili 50−60 mingtaga ko‘payib boryapti. O‘z navbatida, xorijdan o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlar soni ham ortib bormoqda. Xususan, joriy yilda ular soni 98 ming nafarni tashkil etdi. Ulardan 95 ming nafari testga kirishgan.

«E’tibor berilsa, Qirg‘izistondan 45 ming, Qozog‘istondan 25 ming, Tojikistondan 14 ming va boshqa davlatlardan kelishdi. Shularning 30%i bizga o‘qishga keldi. Past ball bo‘lganida hali. Ya’ni qariyb 27 mingga yaqin talabalar bizning OTMlarga qo‘shilishdi. Bilasizmi, bu birozgina yuk. Qabul shundoq ham ko‘p, 30 ming talaba qo‘shilyapti, unga yotoqxona, unga o‘quv korpusi, unga o‘qituvchi kerak. Shuning uchun biz kechki va sirtqiga o‘tkazishga majbur bo‘lyapmiz», — dedi vazir.

Abduqodir Toshqulov ichki o‘qishni ko‘chirishlar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Bu yil davlat va nodavlat OTMlarda ichki o‘qishni ko‘chirishga 60 mingdan ko‘p onlayn hujjat topshirildi. Agar ikkalasini qo‘shsak, bu yilgi kvota bilan teng. Bu yil 170 ming kvota berilgan bo‘lsa, 160 ming ko‘chirishga arizalar topshirilyapti. Bu bir odat tusiga kirib qoldi», — dedi u.

Vazir «akadem mobillik» tushunchasiga izoh berib o‘tdi.

«Masalan abituriyent Samarqand davlat universitetiga kirdimi, bir o‘quv yili yoki bir semestr Toshkentga kelib o‘qishi mumkin, lekin diplomni baribir Samarqanddan oladi. Borib o‘sha yerni bitiradi. Bizda 5 ta ta’lim yo‘nalishini tanlash hisobiga masalan surxondaryolik abituriyent Qoraqalpog‘istonga o‘qishga kirdi yoki Toshkent viloyatilik Xorazmga o‘qishga kirdi… Ularda muammo yo‘q», — deya ta’kidladi vazir.

Abduqodir Toshqulovning ta’kidlashicha, 25 ming talaba o‘z hududiga o‘qishini ko‘chirib kelgan.

«Qolganlar qoldi. Chunki asos yo‘q, uzrli sabab yo‘q. Kelasi o‘quv yilida o‘qishni ko‘chirish tartiblari ham o‘ylab ko‘riladi. Hozirdan ishlaymiz. Nimaga? Toshkent shahriga o‘qishini ko‘chirish uchun soxta propiska, soxta ro‘yxatdan o‘tkazishlar salmog‘i juda ham ko‘payib ketdi. Ya’ni egri yo‘lni izlash. Maqsad Toshkentga kelib o‘qish. Kelasi o‘quv yilidan ichki o‘qishni ko‘chirish ham optimallashadi», — deydi u.