1 oktabr kuni “Afrosiyob” elektropoyezdining uzoq kutilgan harakatlanuvchi tarkibi Toshkentga yetib keldi, deya xabar bermoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot xizmati.

Poyezd 16 sentabr kuni Ispaniyaning Bilbao portidan kemada kelgan va Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan yo‘lga chiqarilgan.

Xabarda qayd etilishicha, 2019 yilning iyun oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Ispaniyaning “Patentes Talgo S.L.U” kompaniyasi bilan Talgo-250 seriyali ikkita tezyurar elektropoyezd sotib olish uchun shartnoma imzolangan.

“Kelishuvlarga ko‘ra, bu yil oktabr oyigacha „O‘zbekiston temir yo‘llari“ AJ lokomotiv parkini ikkita tezyurar „Afrosiyob“ elektropoyezdi bilan to‘ldirish kerak edi. Ispaniyaning „Patentes Talgo S.L.U.“ kompaniyasi o‘z navbatida, o‘z majburiyatlarini to‘liq va o‘z vaqtida bajardi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu harakatlanuvchi tarkib ketma-ket oltinchisi bo‘lib, investitsiya loyihasi doirasida sotib olingan. Investitsiya loyihasiga ko‘ra, ikkita poyezddan tashqari, ispan kompaniyasi to‘rtta zaxira ekonom-klassli vagonlar, shuningdek, poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun uskunalar yetkazib beriladi. Shartnoma Ispaniya kompaniyalarini korporativ xalqarolashtirish jamg‘armasi (FIEM) krediti hisobidan moliyalashtiriladi.

24 iyul kuni O‘zbekistonga Ispaniyaning Bilbao shahridan jo‘natilgan “Afrosiyob” poyezdi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida vagonlari yig‘ilib, yaxlit holatga keltirilganidan so‘ng, temir yo‘l orqali olib kelingan edi. Poyezd 2 ta lokomotiv va 11 ta vagondan iborat ekanligi e’lon qilingan.