Rossiyaning VTB moliyaviy guruhi va Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan NKMKni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzildi, deb xabar berdi VTB matbuot xizmati.

Hujjatni NKMK bosh direktori Kuvandik Sanakulov va prezident — VTB banki boshqaruvi raisi Andrey Kostin imzoladilar. Marosim Toshkent iqtisodiy forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Hujjat VTB banki tomonidan Navoiy kon-metallurgiya kombinati investitsiya dasturini moliyalashtirishning asosiy shartlarini o‘z ichiga oladi. Kredit liniyasining umumiy miqdori besh yil muddatga 1 mlrd dollarni tashkil etadi.

«VTB banki bizning uzoq yillik hamkorimiz, u 750 mln dollarlik respublika yevrobondlarini joylashtirish orqali mablag‘ jalb etilishiga yordam berdi», — dedi O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni kamaytirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, VTB va NKMK o‘rtasidagi kelishuv, NKMK uchun uzoq muddatli moliyalashtirishni jalb qilish bo‘yicha birinchi va eng yirik bitimdir. Uning ta’kidlashicha, bu davlat nazorati ostidagi barcha korxonalar o‘rtasidagi biznesni rivojlantirish uchun qarz mablag‘larini bir martalik jalb qilish bo‘yicha ham yirik kelishuv.

«2018 yilda boshlangan tog‘-kon sanoati va xususan, NKMKning keng ko‘lamli o‘zgarishi tufayli kelishuvga erishish mumkin bo‘ldi. Kompaniya transformatsiyasi 2021 yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda», — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

«Navoiy zavodi bilan tuzilgan shartnoma VTB uchun O‘zbekistondagi eng yirik bitimdir», — dedi Bank VTB boshqaruvi rahbari Andrey Kostin. «Biz o‘z hamkasblarimizga nafaqat moliyaviy ko‘makni, balki investitsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha chuqur tajribani, shuningdek, ESG dasturini amalga oshirish bilan bir qatorda, xalqaro kapital bozorlaridagi ishlashlarni taqdim etishga tayyormiz».

Avvalroq, Toshkent iqtisodiy forumi doirasida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Navoiy kon-metallurgiya kombinatini (NMKK) xususiylashtirishga tayyorgarlik boshlanganini ma’lum qilgan edi. 2022 yilda kompaniyaning 10 foizgacha aksiyalari sotilishi mumkin, dediu.

Shu bilan birga, Jamshid Qo‘chqorovning aniqlik kiritishicha, hukumat kompaniyani to‘liq xususiylashtirish niyatida emas,xabar berdi Spot. «Bu O‘zbekistonning eng yirik kompaniyasi bo‘lib, yillik daromadi 5 mlrd dollardan oshadi. 2024 yilga kelib biz IPO uchun maksimal 10−15% aksiyalarni qo‘yishni rejalashtirganmiz. Yakuniy qaror davlat rahbari tomonidan qabul qilinadi «, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.