Toshkent hokimligi Fransiyaning Veolia kompaniyasi bilan 30 yil muddatga shaharning markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini ekspluatatsiya qilish, texnik xizmat ko‘rsatish va boshqarish uchun konsessiya shartnomasini imzoladi. Hujjatni imzolash marosimi 29 sentabr kuni Toshkent iqtisodiy forumida bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Mamlakatdagi eng yirik issiqlik tarmog‘i 1,2 mlnga yaqin aholini yoki shahar aholisining deyarli yarmini issiqlik va issiq suv bilan ta’minlaydi. Tizimga 3 ta yirik gazli isitish moslamasi, 200 dan ortiq mahalliy qozonxonalar va 1926 km, shundan 73 foizi yer ostida bo‘lgan quvurlar kiradi.

Veolia 30 yil davomida davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida quyidagilar bilan shug‘ullanadi:

  • markazlashtirilgan isitish va issiq suv ta’minoti tizimlarini ekspluatatsiya qilish va ularga xizmat ko‘rsatish;
  • qanday sarmoyalar kerakligini aniqlash uchun markaziy isitish tizimi va issiq suv inshootlarini baholash;
  • operatsion aktivlar dasturlarini moliyalashtirish;
  • Loyihalarni boshqarish.

Ikki yil davomida poytaxtning Bektemir va Sergeli tumanlarida isitish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha sinov loyihasi amalga oshiriladi. Sinov loyihasi yakunlangach, «butun shaharni modernizatsiya qilish bo‘yicha ulkan dastur ishga tushiriladi», — deyiladi Moliya vazirligi xabarida.

2020 yilda Veolia kompaniyalar guruhi 95 mln kishiga ichimlik suvi, 62 mln kishiga sanitariya xizmatlarini ko‘rsatdi. Kompaniya korxonalari qariyb 43 mln megavatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqargan, 47 mln tonna chiqindilarni qayta ishlagan. O‘tgan yili kompaniya 26 mlrd yevrolik daromad haqida xabar bergan edi.

«Gazeta.uz» Veolia bilan tuzilgan av Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan kelishuv tafsilotlari, hokimiyat loyihadan nimalarni kutayotgani haqida to‘liq yozgan edi. Xususan, tariflar isitish tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish xarajatlarini hisobga olgan holda shakllantirilishi va har yili 1 maygacha shahar kengashi tomonidan tasdiqlanishi aytildi. Pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar mahalliy budjetdan subsidiyalar hisobidan qoplanishi rejalashtirilmoqda.