Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors shartnomalaridagi qo‘shimcha to‘lovlar to‘g‘risidagi bandni o‘rganadi. Bu haqda 29 sentabr kuni O‘zbekiston iqtisodiy forumida qo‘mita rahbari Shoxruh Shorahmedov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Foto: Kurbanoff.net

28 sentabr kuni Kurbanoff.net Telegram-kanal muallifi UzAuto Motors shartnomalarida yana qo‘shimcha opsiyalarning kiritilishi bilan bog‘liq ravishda narx o‘zgarganida, qo‘shimcha to‘lovlar to‘g‘risidagi band paydo bo‘lganini ma’lum qildi.

«85 foizini to‘laysan va gilamcha, yana shunga o‘xshash bir necha million so‘mlik qo‘shimcha opsiyalar o‘ylab topishmasin deb duo qilib o‘tirasan. Ox bu monopolistlar», — deya qayd etgan u.

«O‘zavtosanoat» matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ushbu band kiritilganini tasdiqladi va avtomobil sotib olinayotganda uning opsiyalarida farq bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil noyabr oyi oxirida Antimonopoliya qo‘mitasi UzAuto Motors shartnomalaridagi avtomobillar narxi o‘zgargan taqdirda, qo‘shimcha haq to‘lash to‘g‘risidagi band chiqarib tashlanishi haqida xabar bergan edi.

«Munosabat bo‘ladi… Men bu ishni to‘g‘ri deb o‘ylamayman. Biz, albatta, buni to‘g‘rilashimiz kerak», — deya ta’kidladi Shoxruh Shorahmedov «Gazeta.uz» bilan suhbatda.

Bundan oldin 2020 yil 30 oktabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi UzAuto Motors AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qarorini haqiqiy emas deb topgan edi. Shuningdek, qo‘mita UzAuto Motors ishi bo‘yicha sud qarori ustidan apellyatsiya bergandi. Ammo apellyatsiya sud tomonidan qanoatlantirilmagandi.