UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain bosh direktori Bu Andersson 30 sentabr kuni Toshkent iqtisodiy forumida ushbu kompaniyalar aksiyadorlari uning oldiga qo‘ygan vazifalari haqida gapirdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar beradi.

Shvetsiyalik 65 yoshli mutaxassis O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati 1996 yilda paydo bo‘lganini eslab o‘tdi. «Biz bu sanoatda hali juda yoshmiz. Lekin shu vaqt mobaynida biz 3,6 million avtomobil ishlab chiqardik», — dedi u.

Kompaniya rahbari UzAuto Motors to‘liq siklli ishlab chiqaruvchi ekaniga, ya’ni mashinani shtamplash, payvandlash, bo‘yash va to‘liq yig‘ish zavodning o‘zida qilinishiga e’tibor qaratdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyada qariyb 12 ming kishi ishlaydi. Biroq avtomobilsozlik sanoatida bitta ish o‘rni bilvosita to‘rttasini (komponentlar ishlab chiqarish, moliya, dilerlik va xizmat ko‘rsatish markazlarini) yaratadi.

«Aslida, bu kichik kompaniya O‘zbekistonda 50 ming kishini ish bilan ta’minlaydi», — deya ta’kidladi u.

Bu Andersson O‘zbekistonda avtomobilga ega bo‘lish past darajada ekanini qayd etdi. U e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 35 million aholiga 2,7 million yengil avtomobil, yoki har 1000 kishiga 77 mashina to‘g‘ri keladi. U bu holat bozordagi katta talabdan darak berishini ta’kidladi.

Taqqoslash uchun: 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda avtomobillashish darajasi har 1000 aholiga 208 ta, Rossiyada — 383 ta, Germaniyada — 555 tani tashkil qiladi.

Kompaniya yangi rahbarining ta’kidlashicha, «O‘zavtosanoat» raisi Shavkat Umurzoqov va uning o‘rinbosari Aziz Shukurov bu sohada transformatsiyani 3,5 yil oldin boshlagan va hozir kompaniya bu jarayonning markazida turibdi.

«Bu vaqt ichida UzAuto Motors avtomobil ishlab chiqarishni yiliga 120 mingdan 300 mingtagacha oshirdi va bir kun oldin kompaniya kuniga 1100 ta avtomobil ishlab chiqarishga erishdi», — deya ta’kidladi u.

Bu Anderssonning ta’kidlashicha, shaffoflikni oshirish maqsadida kompaniya moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga (MHXS), shuningdek, nazoratni kuchaytirish va boshqaruvni o‘zgartirish uchun risklarni boshqarishning zamonaviy tizimiga (ERM) o‘tmoqda.

«Siz so‘rashingiz mumkin, menga o‘xshagan yigit bu yerda nima qilyapti? Bizning qiladigan ishlarimiz ko‘p. Men xaridorlar, dilerlar, yetkazib beruvchilar va bosh vazir o‘rinbosari [Jamshid Qo‘chqorov] bilan gaplashdim. Men supermen emasman, lekin ular mendan yanada sifatli mahsulotlar, yangi modellar, jumladan, avtomobillar, qulayroq narxlarda va eng yaxshi xizmatlarni taqdim etishimni xohlashyapti. Bizning aksiyadorlarimiz ishlab chiqarish va samaradorlikni oshirishni xohlayapti. Bunga erishishning yagona yo‘li esa boshqaruv jamoasi bilan qattiq ishlash va qiymat yaratishdir. Va biz albatta shunday qilamiz», — deb aytdi Bu Andersson.

Bu Anderssonning aytishicha, General Motors’dagi 21 yillik faoliyati davomida u korporatsiya faoliyati yuritiladigan 100−102 mamlakatga tashrif buyurgan.

«Men ikki davlatga bormaganman. Bu Janubiy Afrika va O‘zbekiston davlatlari edi. Bunga sabab, bu davlatlarda bizning hech qanday muammomiz yo‘q edi. Biroq men birinchi 30 kun ichida juda ko‘p muammolarga duch keldim», — deya tan oldi u.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin 23 avgust kuni Bu Andersson UzAuto Motors bosh direktori etib tayinlangandi.