Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi Toshkentda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi quriliyotgan hududda reyd o‘tkazildi. Reydda Ekologiya qo‘mitasi raisi Islombek Boqijonov, shahar ekologiya boshqarmasi va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirok etdilar.

Qurilish Shayxontohur tumani Olmazor ko‘chasidagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi ma’muriy binosi va «Paxtakor» stadioni o‘rtasida, Mustaqillik maydonidan taxminan yarim kilometr masofadagi hududda (xarita) amalga oshirilmoqda.

Tezkor o‘rganish jarayonida qurilish ishlarini olib borayotgan «Kosonsoy Bunyod Qurilish» MCHJ tomonidan mazkur hudud tegishli ruxsatnomasiz o‘rab olinganligi, beton qorish qurilmasi ekspertiza xulosasisiz joylashtirilganligi, yashnab turgan joyda qo‘y va tovuqlar boqilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rab olingan hududda jami 483 ta daraxt bo‘lib, shundan 58 tasi quriganligi aniqlangan.

Qurilish uchun ajratilgan yer maydonida o‘simlik dunyosiga, aniqrog‘i 4 ta daraxtga yetkazilgan zarar miqdori qariyb 7 million so‘m miqdorida hisoblandi. Madaniyat vazirligiga qarashli hududda esa yetkazilgan zarar (58 ta daraxt) miqdori esa salkam 243 million so‘mdan iborat. Jami 62 tup har xil turdagi manzarali va mevali daraxtlarga ziyon keltirilgan bo‘lsa, shundan 6 tasi kesib tashlangan.

Shuningdek, quruvchilar amaldagi talablarni buzgan holda qurilish hududida beton qorish qurilmasini o‘rnatishgan.

O‘rganish jarayonida yengil konstruksiyali devor olib tashlandi, 78 nafar xodim va 7 ta maxsus texnika hamda mexanizmlar jalb qilinib, hudud chiqindilardan to‘liq tozalandi.

Hududni sug‘orish tizimini joriy ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Kechki payt fuqarolar hordiq chiqarishlariga sharoit yaratish maqsadida tungi yoritish tizimini qayta tiklash, yo‘laklar bo‘ylab o‘rindiqlar o‘rnatish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatma berildi.