DXX tomonidan «Turkiston islom harakati» («TIH») xalqaro terroristik tashkiloti a’zosi, O‘zbekiston hududida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan «Yu.J.» xorijda ushlandi. 23 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Qayd etilishicha, 1969 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan ushbu shaxs 1998 yilning boshlarida Chechenistonga borib, iordaniyalik Amir Xattob tomonidan tashkil qilingan jangarilar lagerida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va o‘sha yilning oxirlarida Afg‘onistondagi «TIH» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, 1999 yilning yanvar oyida tashkilot yetakchilarining ko‘rsatmasi bilan u aylanma yo‘llar orqali Toshkent shahriga kelib, badavlat odamlarning uylarida bosqinchiliklarni amalga oshirgan hamda ularning pul va qimmatbaho buyumlarini o‘zlashtirib, Afg‘onistondagi «TIH» yetakchilariga yuborgan.

Mazkur shaxs 1999 yilning 16 fevral va 30 mart kunlari Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etgani gumon qilingan.

Bundan tashqari, 1998−2006 yillarda xorijiy davlatlardagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda ham ishtirok etgan.

Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

1999 yil 16 fevralda Toshkentda, shu jumladan Mustaqillik maydonidagi hukumat binosi yaqinida bir qator kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohat olgan. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov teraktning diniy ekstremistlar tomonidan uyushtirilgani, ularning maqsadlaridan biri uning hayotiga suiqasd uyushtirishdan iborat bo‘lganini ta’kidlagan edi.