Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) London fond birjasida ro‘yxatga olingan Gruziyaning TBC Bank Group sho‘’ba korxonasi hisoblangan TBC Bank Uzbekistan (TBC UZ) aksiyalarini sotib olmoqchi. Bu haqda YeTTB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

YeTTB va IFC’ning har biri TBC UZ’ning 20% gacha bo‘lgan aksiyalarni sotib olishni rejalashtirmoqda. Shunday qilib, xalqaro moliya institutlari O‘zbekiston bank sektorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga ko‘maklashish niyatida.

2022−2024 yillar mobaynida TBC UZ kapitalini qo‘llab-quvvatlash uchun investorlarning har biri 9,4 million dollardan mablag‘ ajratadi.

TBC — O‘zbekistondagi birinchi raqamli bank hisoblanadi. Bank 2020 yil oktabr oyida faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda bankning ikkita smart-filiali va mamlakatning 12 shahrida mijozlar bilan ishlovchi 34 ta aloqa punkti mavjud. Bank 630 mingdan ortiq chakana savdo foydalanuvchilariga innovatsion moliyaviy mahsulotlarni taqdim etadi.

TBC UZ bosh ijrochi direktori Vaxtang Butsxrikidz YeTTB va IFC bilan birgalikda ish olib borish bankning mamlakatdagi o‘sishini tezlashtirish imkonini berishini ta’kidladi.

«Bu 2017 yilda YeTTBning mamlakat bilan hamkorligi yangilaganidan buyon O‘zbekiston bank sektoriga birinchi sarmoya kiritilishi hisoblanadi. TBC bir necha o‘n yillar davomida bizning uzoq muddatli va ishonchli hamkorimiz bo‘lib kelgan. Biz uning O‘zbekistonda kengayishini qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz va shu bilan mahalliy bank sektorida xususiy kapital ulushini ko‘paytiramiz», — deya ta’kidladi YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos.

Shuningdek, IFC’ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlyomer quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi: «IFC TBC’ning butun O‘zbekiston bo‘ylab innovatsion va texnologik yechimlarga asoslangan bank xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu sarmoyalar bank sektorida xususiy sektor ishtirokining ulushini oshirish orqali O‘zbekiston bank sektoridagi raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan strategiyamizning bir qismidir».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriyaning OTP Bank banki «Ipoteka-bank»dagi davlat ulushining 75 foizini sotib olishi xabar qilingandi.