30 sentabr kuni O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov Toshkent iqtisodiy forumida davlat banklari bo‘lishining ijobiy va salbiy tomonlari haqida gapirdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Moliya vaziri davlat banklari bo‘lishining ijobiy va salbiy jihatlari mavjudligini, lekin u har doim to‘liq xususiy bank tizimiga o‘tishni va bu sohada davlatning minimal ishtirokini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

«Rivojlanishimizning ma’lum bir bosqichida davlat banklari kerak bo‘lishi mumkin. Xususan, bozorning samarasizligi, bozor mexanizmidagi ayrim nosozliklar — buni hukumat davlat banklari yordamida hal qilishi kerak. Bank tizimini isloh qilish strategiyasi haqida gapirganda, biz ochiqmiz. Ha, biz bank sektorida xususiylashtirishni amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz, lekin bir muddat ba’zi banklar hukumat qo‘lida bo‘lishi kerak», — dedi u.

Moliya vazirligi rahbari ma’lum sohalarda, xususiy banklar hal qila olmaydigan muammolarni sanab o‘tdi, chunki ular tavakkal qilishni xohlamaydilar.

«Rivojlanayotgan iqtisodiyoti bo‘lgan mamlakatlarda yoshlar, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab kredit dasturlari mavjud. Sof tijoriy nuqtai nazaridan, bu qo‘llab-quvvatlov har doim xususiy banklar orqali yaxshiroq amalga oshiriladi, lekin rivojlanishning ba’zi darajalarida bu dasturlarni boshlash uchun hukumatning ma’muriy kuchidan foydalanish kerak bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, biz faqat davlat banklaridan foydalanishimiz mumkin», — dedi u.

Timur Ishmetov, shuningdek, hukumatning hududlar kesimida moliyalashtirish va asosiy bank mahsulotlaridan teng foydalanishni ta’minlash majburiyatini esladi.

«Har qanday xususiy bankni olsangiz, O‘zbekistonda 200 ga yaqin tumanning barchasida faoliyat ko‘rsatayotgan birorta ham bankni topa olmaysiz. Chunki ular uchun bu hududlarda faoliyat yuritish foyda keltirmaydi. Ammo moliyaviy inklyuzivlik nuqtai nazaridan, bunday asosiy mahsulotlarni yetkazib berish hukumat zimmasidadir», — dedi u.

Moliya vaziri, shuningdek, davlat banklari murakkab vaqtlarda faoliyat olib borishi mumkinligini ta’kidladi, chunki biznes tavakkal qilib, ishlab chiqarishni kengaytirishni xohlamaydi. Bunday hollarda hukumat davlat banklari orqali tadbirkorlarga kredit berishda davom etib, barqarorlashtirish siyosatiga o‘tishi mumkin.

«Boshqa ko‘plab dalillar bor, lekin men bu muammolarni xususiy banklar orqali hal qilib bo‘lmasligini tasdiqlamoqda emasman. Lekin bizning rivojlanishimizning ma’lum bir vaqtida davlat banklariga ega bo‘lish mantiqliroq bo‘ladi», — dedi u.

Timur Ishmetov fiskal xatarlarni davlat banklarining asosiy kamchiliklaridan biri deb atadi.

«Hamma biladiki, davlat banklarida samaradorlik darajasi ancha past. Ba’zi hollarda hukumat yaxshi niyat bilan kredit siyosatiga aralashadi. Bu sodir bo‘ladi, biz buni ba’zida qilamiz, bu sir emas. Lekin bu rentabellik darajasida namoyon bo‘ladi. Agar siz barcha davlat banklari va barcha xususiy banklarning rentabelligini solishtirsangiz, katta farqni ko‘rasiz», — dedi vazir.

U, shuningdek, O‘zbekistondagi davlat banklarida korporativ boshqaruvning zaifligiga ishora qilib, bu holat «oxir-oqibat aksiyador sifatida hukumatga xavf tug‘dirishi»ni ta’kidladi.

«Bu banklarni doimiy ravishda kapitalizatsiya qilish kerak. Bu xatarli. Aslida shunday ham bo‘ladi — ular dividend to‘lamaydilar. Hatto dividend to‘lashsa ham, investitsiyalarning rentabelligi juda past. Bu davlat banklarini saqlash hukumat uchun juda qimmatga tushadi», -tushuntirdi Moliya vazirligi rahbari.

2020−2025 yillarga bank tizimini isloh qilish strategiyasiga muvofiq, «Ipoteka bank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Asaka bank», «Aloqabank», «Qishloq qurilish bank» va «Turonbank»dagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda ularning faoliyati transformatsiya qilinadi, ikkinchisida — davlatga tegishli aksiyalar paketini sotish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Vengriyaning OTP Bank banki «Ipoteka-bank» davlat aksiyalar paketini sotib olishi, Rossiyaning «Ekspobank"i «Poytaxt-bank»ni xususiylashtirishda ishtirok etish niyati borligi ma’lum bo‘ldi.