O‘zbekistonda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Senatning o‘n to‘qqinzinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida"gi qonuni muhokamada bo‘ldi.

Qonun bilan birinchi yo‘nalish — Jinoyat kodeksining hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq jinoyat uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda. Ikkinchi yo‘nalish — MJtKga IIO xodimi yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaganlik, ularning o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatganlik va hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Senator Shuhrat Cho‘liyevning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, IIO xodimlarining huquqbuzarliklarni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, transport vositasini to‘xtatish kabi qonuniy talablarni bajarmaslik borasida 2018 yili 24 ming 185 ta ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2019 yilda 29 ming 575 tani, 2020 yilda esa 38 ming 911 tani tashkil etgan.

Shuningdek, qo‘llanilgan jazo choralariga qaramasdan fuqarolar tomonidan 2018 yilda 972 ta, 2019 yilda 2265 ta, 2020 yilda esa 4169 ta ma’muriy huquqbuzarlik takroran sodir etilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, hokimiyat vakiliga faol qarshilik ko‘rsatganlik uchun JKning tegishli moddasi bilan 2018 yilda 248 ta, 2019 yilda 243 ta, 2020 yilda esa 251 ta jinoyat ishi sudlarga yuborilgan.

“Mazkur qonun bilan mamlakatda Jinoyat kodeksida hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni belgilash orqali hokimiyat vakillarining huquqiy himoyasi ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Jarima miqdori BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha oshirilishi aytilgan. Shuningdek, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazo chorasi kiritilishi, ozodlikdan mahrum qilish jazosi 1 yildan 3 yilgacha uzaytirilishi ta’kidlangan.

Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov bunga huquqni muhofaza qiluvchilarning qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish soni oshib borayotganligini sabab qilib ko‘rsatgan edi. Uning qayd etishicha, so‘nggi vaqtlarda huquqni muhofaza qiluvchilarga tajovuz kayfiyati ortib bormoqda. “2018 yildagi 24,1 ming holat 2020 yilda 39 mingtaga ortgan”, — degan edi u.

Deputat Doniyor G‘aniyev esa bunday holatlar ichki ishlar organlari xodimlarining sog‘lig‘iga zarar bo‘layotganini ta’kidladi.