Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisi ikkinchi kunida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi ma’qullandi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjat bilan profilaktika (katta) inspektorlari fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirish, ularga biriktirilgan hududda jinoyatlar sonini kamaytirish, ularning oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishi uchun vakolatlari kengaytirilmoqda.

Hujjat «Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha yarashuv instituti»ni joriy etish orqali ma’muriy ish ishtirokchilarining yarashilganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish bo‘yicha yangi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolati alternativ organ sifatida profilaktika (katta) inspektorlariga berilishi natijasida huquqbuzarlik sodir etilgan joydan uzoq masofada joylashgan boshqa vakolatli organlar yoki sudlarga borishini istisno etgan holda fuqarolarning ortiqcha xarajat qilishi va sarson bo‘lishining oldini olishga xizmat qiladi, deyiladi Senat xabarida.

Bundan tashqari, bojxona qonunchiligini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarni Davlat bojxona qo‘mitasida mavjud avtomatlashtirilgan axborot tizimlari yordamida qayd qilish, inson omilini kamaytirish va huquqbuzarlik holatlarini soddalashtirilgan holda ko‘rib chiqish tartibi joriy etilib, ular bilan bog‘liq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 2 ta modda bilan to‘ldirilmoqda hamda uning 9 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi va prezident imzolaganidan so‘ng kuchga kiradi.

Fevralda Shavkat Mirziyoyev «Toshkentdagi tuman IIB xodimlarida tezkor guruhlar bo‘lishi kerak», deya ta’kidlagan edi. U tajriba sifatida IT -mutaxassislarini poytaxt tumanlaridan birining profilaktika inspektorlariga biriktirishni topshirdi.

Avvalroq, Qonunchilik palatasi profilaktika inspektorlariga elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima solish huquqini berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini rad etgani haqida yozgan edik.