Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi bir yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Parij sudi Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini 2012 yilgi saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirishda aybdor deb topdi va uni bir yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu muddatni u qamoqdan tashqarida o‘taydi, shuningdek, unga elektron bilaguzuk taqiladi. Prokuratura bir yil, shundan olti oyini qamoqda o‘tashini so‘ragan.

Joriy yilning mart oyida Sarkozi uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi, ulardan ikkitasi shartli bo‘lgan. O‘shanda u korrupsiya va savdoga ta’sir qilishda aybdor deb topilgandi. Shunday qilib, Nikolya Sarkozi qamoq muddati e’lon qilingan ilk Fransiya prezidenti bo‘ldi.

Bu safar Sarkozi faqat moliyalashtirish me’yorlarini oshirganlikda ayblandi. Fransiya qonunlariga ko‘ra, prezidentlikka nomzod moliyalashtirishni 22,5 mln yevrodan yuqori miqdorga ko‘tarishga haqli emas. Sarkozining saylovoldi kampaniyasining haqiqiy qiymati belgilangan me’yordan 18 mlnga ko‘p bo‘lib, taxminan 42,8 mln yevroni tashkil qilgan. — BFM TV.


Afg‘oniston sharqida ID jangarilari bilan to‘qnashuvda kamida 17 nafar tolib halok bo‘ldi

Afg‘onistonda «Islomiy davlat» (ID) terrorchilik guruhi jangarilari bilan to‘qnashuvda kamida 17 «Tolibon» a’zosi halok bo‘ldi. Bu haqda TASS Kabul News’ga tayanib xabar bermoqda.

Janglar Pokiston bilan chegaradagi Zobul viloyatida bo‘lib o‘tdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ID jangarilari pistirmadan hujum uyushtirgan. Shuningdek, ma’lum qilinishicha, IDning uch nafar vakili o‘ldirildi. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Shuningdek:

  • Afg‘oniston bosh vaziri v.b. mulla Muhammad Hasan Oxund «Tolibon»ning barcha tarafdorlariga zudlik bilan shaxsiy mulklarini tashlab, harakat bazalariga qaytishni buyurdi. Oxundning buyruqlarida «mudofaa, ichki ishlar vazirliklari, shuningdek, razvedka xizmatlarining barcha xodimlari shaxsiy uylarini tashlab, harbiy markazlarga va ular ro‘yxatga olingan bo‘linmalar bazalariga ko‘chib o‘tishlari kerak», deb aytilgan. Bundan tashqari, Hasan Oxund «Tolibon» tarafdorlariga Kobul va uning atrofidagi xususiy korxonalarning uylari va binolariga «transport vositalari yoki boshqa texnikani tintuv qilish bahonasida» kirishni taqiqladi. U o‘z farmoni bilan, shuningdek, «xususiy uylar va korxonalardan transport va har qanday texnikani olib chiqishni» taqiqladi.
  • Tolibon o‘z harbiy xizmatchilarini o‘qitish uchun mamlakat janubidagi Zobul viloyatida harbiy o‘quv markazini ochdi. Dastlabki o‘quv kursida 400 kishi qatnashadi.

Ekvador qamoqxonasida to‘dalar to‘qnashuvida 100 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Ekvadorning Guayakil shahridagi qamoqxonada to‘dalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar natijasida 116 kishi halok bo‘ldi, 80 dan ortiq kishi yaralandi. Bu haqda mamlakat prezidenti Gilermo Lasso ma’lum qildi.

Prezident Ekvador penitensiar (jinoiy-ijroiy) tizimida favqulodda holat e’lon qilib, hukumatga boshqa vakolatlar qatorida politsiya va askarlarni qamoqxonalarga yuborishga ruxsat berdi. Lasso matbuot anjumanida Guayakilda bo‘layotgan voqealar «qayg‘uli voqea» ekanligini va hozircha rasmiylar qamoqxona ustidan nazoratni qayta tiklaganiga kafolat bera olmaydi, deb aytdi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi «to‘qnashuv» «Los Lobos» va «Los Choneros» to‘dalari asirlari o‘rtasida qamoqxonada hukmronlik qilish huquqi uchun kurash natijasida boshlanganini aytilmoqda.


YouTube COVID-19 vaksinalari haqida noto‘g‘ri ma’lumotga ega kontentni o‘chirib tashlaydi

YouTube video xizmati noto‘g‘ri ma’lumotlarga qarshi kurashish doirasida butun dunyo bo‘ylab tasdiqlangan koronavirus vaksinasiga shubha tug‘diradigan kontentni o‘chirib tashlaydi. YouTube vitse-prezidenti Mett Xalprinning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalar xavfli yoki sog‘likka uzoq muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi barcha videolar taqiqlanmoqda.

Yangi qoida nafaqat COVID-19'ga qarshi dori-darmonlar, balki barcha vaksinalarga ham tegishli, deb ta’kidlanmoqda.

O‘tgan yili YouTube koronavirusga qarshi vaksinalarni tanqid qilgan bir qancha videolarni taqiqlab qo‘ygandi. 2020 yil oktabr oyidan buyon kompaniya «YouTube'ning COVID-19 vaksinasi sohasidagi qoidalarini buzgani» uchun 130 mingdan ortiq videoni o‘chirib tashlagan. — Bloomberg.

Avvalroq, YouTube saylov natijalariga shubha tug‘diradigan kontentni joylashtirishni taqiqlagan edi.


Barbados parlamenti Yelizaveta II’ni mamlakatning rasmiy rahbari deb hisoblamaslikka chaqirdi

Barbados assambleya palatasi (parlamentning quyi palatasi) konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Unga ko‘ra, endilikda Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II mamlakatning rahbari emas. Qayd etilishicha, 30 noyabrdan boshlab mamlakat rasman parlament respublikasiga aylanadi.

Barbados — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo‘stlik tarkibidagi mustaqil davlatdir. Davlat rahbari — general-gubernator sifatida ko‘rsatilgan Buyuk Britaniya qirolichasi. Mamlakat 1966 yilda mustaqillikka erishgan. — TASS (EFE)


Shuningdek:

  • Fransiyada 30 sentabrdan boshlab 12 va undan katta yoshdagi o‘smirlar restoran, sport klublari, kinoteatrlar va boshqa jamoat joylariga kirishda «sanitariya ruxsatnomalarini» ko‘rsatishlari shart. Ta’kidlanishi, fransuz o‘smirlarining uchdan ikki qismi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.
  • Malayziya hukumati barcha federal xodimlarga 1 noyabrgacha COVID-19'ga qarshi vaksinatsiyaning to‘liq kursini o‘tashni buyurdi. Talabni buzganlar intizomiy jazoga tortiladi.