O‘zbekiston hukumati Coca-Cola Bottlers Uzbekistan (CCBU) kompaniyasidagi davlat ulushini sotish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bitimni imzolash marosimi 29 sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilayotgan Iqtisodiy forum doirasida bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

57,118 foizga teng bo‘lgan davlat ulushini Coca Cola İçecek A. Ş. (CCI, Turkiya) kompaniyalar guruhi unga to‘liqligicha qarashli bo‘lgan CCI International Holland B.V. sho‘’ba korxonasi orqali 252,28 mln dollarga sotib oldi. Kompaniyadagi qolgan 42,88 foiz ulush The Coca Cola Export Corporation’ga tegishli. Shunday qilib, O‘zbekistondagi alkogolsiz gazli ichimliklar ishlab chiqaruvchi mazkur kompaniya to‘liq xususiy sektor tasarrufiga o‘tdi.

Bitim Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan 6 avgustda ma’qullangan edi. Shunga qaramay, bitimni yakunlash jarayoni tartibga soluvchi organlar tomonidan beriladigan muayyan ruxsatlar olinishini talab qilishi aytilgan edi.

Moliya vazirligining xabar berishicha, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan forum doirasida tegishli va bojxona ruxsatnomalari, shu jumladan, davlat ruxsatnomalarini olish bilan xususiylashtirish rasman yakunlandi.

Spot Bigpara (Hurriyet turk nashrining bir qismi) ma’lumotlariga tayanib, CCI’ning 351 022 ta aksiya uchun to‘lovni naqd pulda amalga oshirgani haqida xabar berdi.

CCI bosh direktori Burak Basharirning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya CCBU’ning nazorat paketiga ega bo‘lish imkoniyatidan mamnun.

«Bu bitim bizning Coca-Cola tizimidagi eng kuchli hamkorlardan biri sifatidagi pozitsiyamizni mustahkamlaydi. Bu, shuningdek, FMCG bo‘yicha mintaqada eng yaxshi o‘yinchi bo‘lish maqsadimizga xizmat qiladi… Shuningdek, biz O‘zbekiston alkogolsiz ichimliklar bozorining qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda barqaror va daromadli o‘sishining ulkan salohiyatiga ishonamiz», — dedi u.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqovning ta’kidlashicha, mazkur bitimni xususiylashtirishning ilk muvaffaqiyatli namunalaridan biri deb hisoblash mumkin.

Coca-Cola Bottlers Uzbekistan — O‘zbekistondagi yirik gazlangan alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchisi hisoblanib, Toshkent, Namangan va Urganchda ishlab chiqarish quvvatlari va omborlari mavjud. 2020 yil yakunlari bo‘yicha kompaniyaning sof daromadi 205 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Coca-Cola İçecek esa Coca-Cola tuzilmasidagi yirik korxonalardan hisoblanadi. Uning asosiy egalari Anadolu Efes va The Coca-Cola Company.