Bugun, 30 sentabr kuni Jurabek Laboratories MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan xitoy-o‘zbek vaksinasining 1 mln 458 ming 820 dozasi O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillariga topshirildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligiga qarashli “Vaksinauz” Telegram-kanali xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda korxona tomonidan jami 7 mln doza vaksina ishlab chiqarilgan. Ularning keyingi dozalari bosqichma-bosqich emlash punktlariga yetkazib beriladi.

Foto: “Vaksinauz” Telegram-kanali

Qayd etilishicha, Jurabek Laboratories tomonidan mazkur vaksinani ishlab chiqarish Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co., Ltd. kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida amalga oshirilmoqda.

“Mazkur ishlab chiqarishning tashkil etilishi O‘zbekiston va Xitoy olimlari, virusologlarining hamkorligi natijasidir”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Ushbu vaksina Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti hamda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi va SSV Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Mazkur vaksina 3-faza klinik sinovlari natijalariga ko‘ra 3-dozadan so‘ng vaksinaning samaradorligi barcha shtammlar uchun umumiy 81,76%, “britancha” shtammga qarshi esa 92,93% tashkil etgan.

Iyul oyida “Gazeta.uz” O‘zbekistonda avgust oyidan boshlab koronavirusga qarshi xitoy-o‘zbek vaksinasi ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum imzolanishiga kelishilgani haqida yozgan edi. Birinchi bosqichda oyiga 10 mln doza vaksina ishlab chiqarish va keyinchalik bu ko‘rsatkichni yiliga 200 mln dozagacha olib chiqish ko‘zda tutilayotgani aytilgan.

Avgust oyida O‘zbekiston hukumati Jurabek Laboratories kompaniyasida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC 2001 va “Sputnik V” vaksinalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga rozilik bergani haqida ham xabar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabrga qadar aholining 70 foizini emlash rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 29 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 20,5 mln dozadan ortiq vaksina qo‘llanilgan. Shu kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 4 mln 458 ming 166 nafarni tashkil qilmoqda.