2021 yilda Yaponiyaning ISUZU kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab 729- avlod avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatishga qaror qildi. Endilikda kompaniya mahsulotlari faqat 700P avlodining ekologik va yanada qulayroq konfiguratsiyalarida ishlab chiqariladi.

O‘zbekistonda ISUZU shassisidagi avtobuslar, yuk mashinalari va maxsus transport vositalarini ishlab chiqarish bilan Samarqand avtomobil zavodi shug‘ullanadi. 700P avlodiga o‘tishga oid qarori ISUZU NPR 66PB, ISUZU NQR 71PL, ISUZU FVR 33P, ISUZU FVR 33G modellariga tegishli. Yaqin orada ularni ishlab chiqarish to‘xtaladi, deb xabar berdi «SamAvto» matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

«Zavod ishlab chiqaradigan liniyada yangi avlod mahsulotlari mavjud. Masalan, avtobus talabi 700P avlodlari bo‘lgan SAZ NS 45 va SAZ HD 50 modellari bilan qondiriladi. Zavodning konstruktor byurosi hozirda NS 42 va HC 43 rusumli (mos ravishda shahar tashqarisida va shaharda harakatlanadigan turidagi) avtobuslar ustida ishlamoqda», deyiladi kompaniya xabarida.

«SamAvto» MCHJ QK bosh direktorining marketing va sotuv bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Yarashev qayd etishiga ko‘ra, xaridorlar va 729-avlod avtomobillari egalari uchun ehtiyot qismlari yaqin 10 yil ichida mavjud bo‘ladi. Zavod Yaponiyada ushbu avlod mashinalari uchun detallarning 1000 ta komplektiga katta buyurtma bergan.

700P avlod avtobuslari, yuk mashinalari va maxsus transport vositalari takomillashtirilgan tormoz tizimi, ergonomika va yaxshilangan dizaynga ega, shuningdek, konditsioner, yon oynalarining elektron isitgichi va markaziy qulf bilan jihozlangan.