O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratonini tekshirish va odam papilloma virusini (HPV) davolash dasturiga asoslangan yangi innovatsion milliy skrining tizimi joriy etilmoqda. U Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bachadon bo‘yni saratonini yo‘q qilish bo‘yicha global tashabbusi doirasida amalga oshiriladi, deb xabar berdi JSSTning Toshkentdagi vakolatxonasi «Gazeta.uz» ga.

Pilot dasturi mamlakatning ikki viloyatini qamrab oladi va odam papilloma virusi testini birlamchi skriningi uchun va HPV-musbat natijasiga ega ayollar uchun ikki xil strategiyadan foydalanadi. Dastur JSST, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) va Saratonni tadqiq qilish xalqaro agentligi tomonidan Fransiya elchixonasining qisman ko‘magida ishlab chiqilgan.

Bachadon bo‘yni saratonining 90% HPV infeksiyasidan boshlanadi, deyiladi JSST xabarida. Ushbu infeksiyani erta aniqlash va davolashni yo‘lga qo‘yish bilan davolasa bo‘ladi. Muntazam skrining, erta tashxis qo‘yish va o‘z vaqtida davolash bachadon bo‘yni saratoni bilan og‘rigan bemorlarni davolay oladi. Ushbu uchta yondashuvni muvaffaqiyatli amalga oshirish 2050 yilga kelib, yangi holatlarni 40% ga kamaytirishi va dunyo bo‘ylab 5 millionga yaqin o‘limning oldini olishi mumkin.

«Bachadon bo‘yni saratoni yo‘q qilingan birinchi saraton bo‘lishi mumkin. Ayollarni muntazam skrining qilish va qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash orqali biz bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanishni kamaytira olamiz», — dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakili doktor Leanne Kuppens.

Bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanish va u bilan bog‘liq o‘lim ayollar salomatligiga jiddiy tahdid soladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi ayollar orasida saratonning bu turi tarqalishi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turishi va u sababli kelib chiqadigan o‘lim holatlari bo‘yicha uchinchi o‘rindaligiga qaramay, u haqidagi xabardorlik darajasi pastligicha qolmoqda, ayniqsa, qishloq ayollari orasida.

BMTning Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili Yu Yu ta’kidlashicha, ixtiyoriy ishtirok, taklif etilayotgan xizmatlar sifati va davolanish imkoniyatlari loyihani amalga oshirishning uchta muhim elementi hisoblanadi. Uning qayd etishiga ko‘ra, «keng skrining ko‘pgina bemorlarni aniqlashga yordam beradi, bu esa saraton kasalligini davolash xizmatlariga bo‘lgan talabni oshiradi».

Pilot dasturi Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 6000, Qoraqalpog‘istonda 50 ming nafar ayolni qamrab oladi va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida bachadon bo‘yni saratoni uchun birlamchi skriningning milliy strategiyasi va dasturini ishlab chiqishga o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Dasturning maqsadi — saratondan oldingi holatlarni to‘g‘ri davolashni ta’minlash, bachadon bo‘yni invaziv saratoni bilan og‘rigan ayollarni mutaxassis shifokorlarga yuborish, ushbu kasallik bo‘yicha skrining ma’lumotlarining elektron reyestrini ishlab chiqishni boshlash va sifatni nazorat qilish hamda baholash tizimini joriy etish xisoblanadi.

2019 yildan boshlab O‘zbekistonda milliy emlash dasturi doirasida 9 yoshli qizlardan iborat kogort guruhi odam papilloma virusiga qarshi emlandi. Joriy yilning noyabr oyida dasturga HPV vaksinasini oladigan 12−13 yoshli qizlarning qo‘shimcha kogortasi kiritiladi.

«Gazeta.uz» odam papilloma virusi nima va vaksina haqida bilish kerak bo‘lgan batafsil materialni e’lon qilgan.