Milliy haydovchilik guvohnomasi va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani yangi namunalariga almashtirish muddatini 2022 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirish taklif qilinmoqda. Bu haqdagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (DXA) tashabbusi bilan ishlab chiqilgan hujjat loyihasiga ko‘ra, haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish muddati ularning berilgan sanasiga muvofiq holda:

  • 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari — 2022 yil 31 martga qadar;
  • 2010 — 2012 yillarda berilganlari — 2022 yil 30 iyunga qadar;
  • 2013 — 2015 yillarda berilganlari — 2022 yil 30 sentabrga qadar;
  • 2015 yildan keyingi keyin berilganlari — 2022 yil 31 dekabrga qadar etib belgilanmoqda.

Shuningdek, eski namunadagi avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab, milliy haydovchilik guvohnomalari esa ularning berilgan sanasiga muvofiq holda:

  • 2010 yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari — 2022 yil 1 apreldan;
  • 2010 — 2012 yillarda berilganlari — 2022 yil 1 iyuldan;
  • 2013 — 2015 yillarda berilganlari — 2022 yil 1 oktabrdan;
  • 2015 yildan keyingi keyin berilganlari — 2023 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartibga ko‘ra, eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish muddati 2021 yilning 31 dekabr deb belgilangan. 2022 yil 1 yanvardan boshlab, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Avvalroq DXA shu vaqtga qadar 3,6 mln haydovchi eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirgani, 2 mln dan ortiq kishi esa hali ham o‘zgartirmaganini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, Toshkentda «texpasport"larni almashtirish bo‘yicha murojaatlar soni ortib ketgani ularni berishda muammolarni keltirib chiqargani xabar qilindi. Toshkent IIBB YHXB bo‘linmalarida avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik to‘g‘risida guvohnoma berish ishlari qayta tiklangani haqida xabar berilgan edi.