«Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish» DUK tomonidan 2019 — 2020 yillar davomida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ikki marta buzgan. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mita matbuot xizmati kompaniyaning Buxoro hududiy boshqarmasining ushbu davrdagi hujjatlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha xabar berdi.

Mazkur korxona tomonidan 2019−2020 yillar mobaynida o‘z ehtiyoji uchun tovarlarni (qurilish materiallari, ehtiyot qismlar, xo‘jalik mollari, dizel yonilg‘isi, kanselyariya mollari, mebel anjomlari, yo‘l belgilari va boshqa mahsulotlar) xarid qilishda va obyektlarda boshqa korxonalarga tegishli bo‘lgan mashina-mexanizm va avtotransport xizmatlaridan foydalanishda viloyat va respublika hududida faoliyat olib borayotgan boshqa korxonalar bilan ikki tomonlama tuzilgan shartnomalar asosida olib borilgan.

«Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunda davlat buyurtmachisi davlat xaridlarini amalga oshirishda maxsus axborot portaliga e’lon joylashtirishi shartligi, davlat xaridlari elektron do‘kon, auksion, tanlov va tender asosida amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Biroq Buxorodagi budjet tashkiloti 2019 yilda 31,4 mlrd so‘mdan ziyodroq, 2020 yilda esa 33,4 mlrd so‘mdan oshiqroq qiymatdagi tovarlarni auksion savdolarisiz, xizmatlarni tanlov (tender) savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzolab, xaridlarni amalga oshirgani qayd etildi.

«Raqobat to‘g‘risida» gi qonunning 14-moddasi (Tanlov (tender) savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar) talablarini buzganligi uchun Monopoliyaga qarshi qo‘mita Buxoro hududiy boshqarmasining maxsus komissiyasi ««Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish»ga qarshi ish qo‘zg‘atdi.