O‘zbekistonda 10 dan ortiq bukmekerlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi veb-saytlari bloklandi, deya xabar bermoqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida agentlik AOKA bilan birgalikda 10 dan ortiq bukmekerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi noqonuniy saytlarga kirishni cheklagan. Bu sohadagi ishlar davom etmoqda.

Shuningdek, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bukmekerlik faoliyati hamon noqonuniy ekanligini eslatdi.

Ma’lumot uchun, prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyatini litsenziya bilan amalga oshirishga ruxsat berilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” bugunga qadar mamlakat hududida bukmekerlik va totalizator faoliyatini amalga oshirish uchun hech kimga litsenziya berilmagani haqida yozgan edi.

Eslatib o‘tamiz, XDP fraksiyasining yig‘ilishida ham bukmekerlik faoliyatini huquqiy tartibga solish masalasi muhokama qilingan edi. Bir qator qonunlarga bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish mexanizmlarini nazarda tutuvchi normalar kiritish taklif etilgan edi.

Keyinroq Qonunchilik palatasi a’zosi Doniyor G‘aniyev faqatgina O‘zbekiston rezidentlariga bukmekerlik bilan shug‘ullanishga ruxsat berishni taklif qilayotgani haqida xabar berilgan edi. Deputat norezident bukmekerlarga O‘zbekiston bank tizimidan to‘lovlar amalga oshirilishini taqiqlash kerakligini ham aytgan. Shuningdek, u totalizatorlarni reklama va targ‘ibot qilishga ruxsat bermaslik hamda jismoniy shaxslar uchun “stavka"larning maksimum chegarasini belgilash taklifini ilgari surgan.