Endilikda O‘zbekistonda 12 yoshdan katta bolalar shifokor ko‘rigidan o‘tgach, COVID-19`ga qarshi Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlanishga ruxsat berildi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasining 12−15 yoshdagi bolalarda o‘tkazilgan klinik sinovlarining natijalari mazkur vaksinaning yuqori darajada samaradorligi va xavfsizligini ko‘rsatgan.

JSST tomonidan ham 12 yoshdan yuqori bolalarni va o‘smirlarni Pfizer vaksinasi bilan emlash tavsiya etilgan.

O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya vrachi va milliy texnik immunologik ekspert komissiyasining qaroriga asosan, mamlakatda ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida, ixtiyoriy ravishda 12 yoshdan katta bolalarni Pfizer vaksinasi bilan emlash imkoniyati mavjud.

Eslatib o‘tamiz, 13 sentabr kuni O‘zbekistonga koronavirusga qarshi 1,2 mln dozadan ortiq Pfizer/BioNTech vaksinasi olib kelingan.

Ma’lumot uchun, ayni kungacha mamlakatda jami 19 mln 969 ming 345 doza vaksinadan foydalanildi. Shu kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 4 mln 283 ming 645 nafarni tashkil qilmoqda.