O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida o‘qituvchilarning maoshini 1000 dollarga yetkazmaguncha to‘xtamasligini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda O‘zLiDeP axborot xizmati.

“Agar meni saylasangiz, va’da berib aytaman, ta’lim bo‘yicha alohida milliy dastur qabul qilamiz. Boshqa ilojimiz yo‘q. Chunki ta’lim biz uchun nihoyatda muhim. Prezidentlikka kirishgan paytim mendan maktabning 10−11 sinflarini tiklab berishni so‘rashdi. Amalga oshirdik”, — deydi prezident.

Uning ta’kidlashicha, o‘qituvchining nufuzini oshirish uchun hali qilinadigan ishlar juda ko‘p.

“Hammangiz bilasiz, yoshligimizda o‘qituvchi ko‘chadan o‘tsa, biz 5 metr chetroqqa o‘tib salom berardik. Men muallimning maoshini 1000 dollarga yetkazmaguncha to‘xtamayman”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

“Afsuski, so‘nggi paytlarda yoshlarning „tarbiyachisi“ qo‘llaridagi telefon bo‘lib qoldi. Bu ham zamona zayli albatta, lekin yoshlarimiz tarbiyasi meni jiddiy o‘ylantiradi”, — deya qo‘shimcha qiladu u.

Davlat rahbari Farg‘ona viloyati tibbiyot tizimi uchun faqatgina davlat budjetidan kelgusi besh yilda 5 trillion so‘m ajratilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u tibbiyotda yangicha tartib yo‘lga qo‘yilishini bildirdi.

“Xalqimiz sodda, shifokor davlat tomonidan ajratilgan o‘nta doridan uchtasini bersa ham rozi bo‘lib ketaveradi. Endi yangicha tartib joriy qilamiz — pulni shifoxonaga emas, bemorga beramiz”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

“Kasal bo‘ldimi, hisobiga pul tushiriladi, istagan dorisini olsin, istagan joyida operatsiya qildirsin. Baribir shu pul davlatdan ajratilyapti-ku. Tibbiyotda korrupsiya urchib ketgan, buni men aytmasam, kim aytadi?!”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

Shavkat Mirziyoyev ajratilayotgan pullarni adolatli ishlatilishi uchun jamoatchilik nazorati kerakligini ta’kidlagan edi. “Chunki korrupsiya yo‘q desak yolg‘on bo‘ladi, korrupsiya ichimizda yuribdi. Korrupsiyaga qarshi butun jamoatchilik bilan kurashishimiz zarur”, — dedi u.

O‘tgan yilning noyabrida o‘qituvchilar va shifokorlar bilan uchrashuvda prezident ularning maoshini oshirish bo‘yicha katta rejalar haqida e’lon qilgan edi. “O‘qituvchi 1000 dollar olmasa, ishga kelmasligi kerak. Xuddi shu holat shifokor bilan. Agar shifokor 1000 dollar olmasa, ertaga bolalari va nevaralarini qanday boqadi?” — degan edi prezident.