Davlat rahbari va prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashish uchun Namangan viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida Namanganda yangi shaharcha va bog‘ qurilishi loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.Mazkur loyiha uchun Davlatobod tumanining Yuksalish hamda To‘raqo‘rg‘on tumanining Yettikon mahallalari hududidan 1 ming 371 gektar yer ajratilgan. U yerda 410 ta ko‘p qavatli uy, 7 ta maktab, 4 ta bolalar bog‘chasi, shuningdek, ko‘plab infratuzilma inshootlari barpo etilishi rejalashtirilgan.

Bu boradagi ishlar allaqachon boshlangan bo‘lib, Yuksalish mahallasidagi bunyodkorlik uning birinchi bosqichi hisoblanadi. 2018−2021 yillarda amalga oshirilgan bu bosqich doirasida 71 ta ko‘p qavatli uy qurildi. «Yuksalish», «Yoshlar» va «Kushon» kichik sanoat zonalari tashkil etildi. Joriy yil oxirigacha yana 11 ta uy bunyod etiladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan. Bu bo‘yicha Bukhara City loyihasini ishlab chiqqan Turkiyaning Studio Vertebra kompaniyasi tomonidan bosh reja ishlab chiqilgan.

Davlat rahbariga mazkur bosh reja haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, ikkinchi bosqichda 30 ming xonadondan iborat 16 va 24 qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, shifoxona, sport majmualari, masjid, kutubxona, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, savdo va servis obyektlari qad rostlaydi.

Shuningdek, 95 gektar yerda «Yangi O‘zbekiston bog‘i» barpo qilinadi. 2022 yilda qurib bitkaziladigan majmuada Namangan ramzi bo‘lgan gullar bog‘i, sun’iy ko‘l, favvoralar, 1 ming 500 o‘rinli amfiteatr, avtoturargoh, savdo shoxobchalari tashkil etiladi.

«Loyihaning 2024−2026 yillarga mo‘ljallangan uchinchi bosqichi ham bor. Mazkur „aqlli“ shaharcha to‘liq qurib bitkazilganda aholiga shu yerning o‘zida yashashi, ishlashi va dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Natijada 2026 yilga borib Namangan bir million aholi istiqomat qiladigan yirik shaharga aylanadi», — deyiladi xabarda.

Namangan viloyatidagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i konsepsiyasi.

Xuddi shunday «Yangi O‘zbekiston» bog‘i joriy yilda Toshkent viloyatining Qibray tumanida ochilgan edi. Prezident taklifiga binoan u O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ifodalovchi ulkan daraxtning beshta shoxi ko‘rinishida barpo etillgan. U yerda Humo qushi ko‘rinishidagi Mustaqillik majmuasi ham qad rostlagan.

Taqqoslash uchun: Toshkent viloyatidagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i konsepsiyasi.

Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida aytilishicha, «Yangi O‘zbekiston» bog‘idan namuna olib, barcha hududlarda maydoni kamida 50 gektar bo‘lgan bog‘larni qurish mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari, shahar va viloyat markazlarida har 50−100 ming aholiga bitta hisobida jamoat bog‘larini tashkil etish rejalashtirilgan.