20 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalarida xorijiy davlatlar harbiy kadrlarini tayyorlash va o‘qitish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Hujjatga asosan Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalarida (OHTM) xorijiy harbiy kadrlar bilan ishlash bo‘limlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, OHTMda xorijiy davlatlar harbiy kadrlarini tayyorlash va o‘qitish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unda ta’lim berish tartibi va uni moliyalashtirish, shuningdek ta’lim olish davomida xorijiy harbiy kadrlarning huquq va majburiyatlari belgilangan.

OHTMda xorijiy davlatlar harbiy kadrlarining ta’lim olishi xorijiy davlatlarning rasmiy murojaatiga asosan Mudofaa vazirligi tomonidan Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi bilan kelishilgan holda tashkil etiladi.

U belgilangan tartibda tuziladigan ikki tomonlama xalqaro shartnomalarga muvofiq beg‘araz, imtiyozli hamda to‘lov asosida OHTMning kursantlari, tinglovchilari va doktorantlari uchun amalga oshiriladi, deyiladi qarorda.

Qarorga asosan, OHTMda xorijiy harbiy kadrlar uchun yillik qabul kvotalari prezident tomonidan belgilanadi. Xorijiy harbiy kadrlarga ta’lim berish:

  • oliy harbiy ta’limning bakalavriat dasturi bo‘yicha kursantlar umumiy cheklangan shtat birliklaridan tashqari ajratiladigan qo‘shimcha kvotalar doirasida;
  • magistratura, harbiy internatura, klinik ordinatura va doktorantura dasturi bo‘yicha OHTMga ajratilgan kvotalardan tashqari qo‘shimcha kvotalar doirasida amalga oshiriladi.

OHTMga xorijiy harbiy kadrlar kirish imtihonlarisiz o‘qishga qabul qilinadi. Ta’lim berish oliy harbiy ta’limning ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘zbek va rus tilida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.

Xorijiy harbiy kadrlarga ta’lim berish quyidagicha amalga oshiriladi:

  • oliy harbiy ta’limning bakalavriat dasturi bo‘yicha;
  • oliy harbiy ta’lim darajasiga muvofiq keladigan oliy harbiy ta’limning magistratura, harbiy internatura, klinik ordinatura dasturi bo‘yicha;
  • magistratura oliy harbiy ta’lim darajasiga muvofiq keladigan oliy harbiy ta’limning operativ-strategik darajasi dasturi bo‘yicha;
  • oliy ta’limdan keyingi ta’lim darajasiga muvofiq keluvchi doktorantura dasturi bo‘yicha;
  • tayyorgarlik kurslarining yakka ta’lim va fakultativ dasturlari asosida;
  • qo‘shimcha kasbiy dasturlar bo‘yicha.