2022−2024 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasiga muvofiq, Farg‘onada elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Loyiha Central Asia Motors korxonasi negizida Xitoyning Hong Kong ZRSC kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 55 mln dollarga baholangan bo‘lib, shundan 43 million dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etadi.

Yiliga 10 mingta elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mazkur loyiha doirasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish 2022 yil dekabrda boshlanishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha avval ham bir-nechta loyihalar taqdim qilingan edi. Jumladan, iyun oyida Andijondagi Asaka zavodida elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan edi.

Aprel oyida «Farg‘ona» kichik sanoat zonasida yil oxirigacha elektromobillarni yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilganligi xususida xabar qilingan edi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 520 mlrd so‘m bo‘lib, obyektning ishga tushirilish vaqti 2021 yilning noyabr oyiga belgilanganligi aytilgan edi.

2019 yilning sentabr oyida prezidentning Farg‘ona viloyatidagi «Qo‘qon» erkin iqtisodiyot zonasiga tashrifi chog‘ida «Shaffof omadli sanoat» xususiy korxonasi xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan birgalikda 2021 yildan elektromobillarni ishlab chiqarishni boshlashi haqida aytilgan edi. Elektromobilning narxi 3000 dollarga baholangan edi. Lekin o‘shandan beri loyiha haqida ma’lumot berilmadi.

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarilishi 2025 yilda boshlanishi haqida ma’lum qilgan edi.

Mart oyida Moliya vazirligi mamlakat ichida elektromobil xarid qilish va ularni vaqtincha olib kirish uchun to‘lovlarni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritdi.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sakkiz oyida elektromobil importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yetti baravarga oshib, qiymati 9,2 mln dollarga teng bo‘lgan 501 ta elektromobil import qilingan. 2020 yilda O‘zbekiston 2,9 mln dollar qiymatga ega 131 ta elektromobil import qilgan edi.